Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati delegatsiyalari Qatardagi muzokaralarning yangi raundida barcha afg‘onlar manfaatlari uchun islom tamoyillari asosida kompromissga erishish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda hukumat delegatsiyasi va Milliy sulh bo‘yicha Oliy kengash rahbari Abdulla Abdulla o‘qib eshittirgan kommyunikeda aytiladi.

«Tomonlar muammoga iloji boricha tezroq adolatli va mustahkam yechim topish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ular Afg‘oniston erkaklari va ayollari manfaatlariga javob beradigan islom tamoyillariga xos kompromissga erishish kerakligini tushunishadi», — deya bayonotdan iqtibos keltiradi RIA Novosti.

Biroq Afg‘oniston bo‘yicha muzokaralarning ikki kunlik raundi natijasida tomonlar qisqa muddatga o‘t ochishni to‘xtatish yoki asirlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erisha olishmadi.

Oldinroq «Tolibon» harakati Afg‘oniston hukumatiga 7000 nafar o‘z tarafdorlari bo‘lgan mahbuslarni ozod qilish evaziga uch oylik sulh taklif qilgan edi.