Prezidentning 16 iyuldagi qarorига binoan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi quyidagilarni amalga oshiruvchi ilmiy-ma’rifiy markazga aylantirilmoqda:

  • «Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston» g‘oyasini keng targ‘ib qiluvchi;
  • mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi;
  • moddiy-madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qiluvchi.

Hujjatda qayd etilishicha, bunday qaror «xalqning bunyodkorlik qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish maqsadida» qabul qilingan.

Markazning yangilangan asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • muqaddas islom dini bilan bog‘liq boy merosni ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rnini innovatsion usullar orqali targ‘ib qilish;
  • O‘zbekistonda yuz bergan umummilliy yuksalishlar, tarixiy renessanslarning ildizlari va mazmun-mohiyatini mamlakat aholisiga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
  • buyuk ajdodlarning jahon tamadduni, diniy va dunyoviy ilmlar rivojiga qo‘shgan hissasini eng zamonaviy usullar va vositalar orqali yoritib borish;
  • ziyorat turizmining ilmiy asoslari bo‘yicha yetarli nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega gid-tarjimonlarni tayyorlash hamda ularning malakasini tizimli oshirib borishni ta’minlash;
  • ilm-fanning jadal taraqqiyotini ko‘rsatib beruvchi sermazmun eksponatlar fondi, qo‘lyozma va zamonaviy nashrlardan iborat boy kutubxonalar tizimini shakllantirish hamda ularning jahon muzeylari va kutubxonalari tarmog‘iga ulanishini ta’minlash;
  • islom sivilizatsiyasini tadqiq etish sohasining dolzarb ilmiy-nazariy va uslubiy masalalariga bag‘ishlangan konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar va ilmiy ma’ruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni doimiy tashkil etib borish;
  • islom tarixi va madaniyati yo‘nalishiga oid bilimlarni oshirish, qadimiy qo‘lyozma va toshbosma asarlarni ta’mirlash, qog‘oz, kitobat, muqovasozlik, xattotlik san’atini tiklash, islom manbalarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish;
  • «Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston» g‘oyasining mazmun-mohiyatini, jumladan, uning ilm-fan rivoji, dinlararo va millatlararo bag‘rikenglikni ta’minlashdagi roli va ahamiyatini jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish.

Markaz huzurida (yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan) O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Samarqand qog‘ozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy an’analarini tiklash bo‘yicha ustaxona-laboratoriya tashkil etilmoqda.

Prezidentning 2017 yildagi (PP-3080) qarori bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekiston Islom madaniyati markazi tashkil qilingan edi. Keyinroq, shu yilning o‘zida davlat rahbari uning nomini Islom sivilizatsiyasi markaziga o‘zgartirishni taklif etgandi.