Prezidentning 8 iyundagi yerga oid farmoni asosida ishlab chiqilgan Yer kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyev o‘zining munosabati va takliflarini bildirib, kodeksda «bo‘shliq"larga joy qoldirmaslik muhim ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Loyiha birinchi o‘qishda 5 iyul kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilingan edi. Unda, adliya vazirining o‘rinbosari Akbar Toshqulov deputatlardan mazkur qonun loyihasini ko‘rib chiqib, uni qabul qilishni so‘ragan edi.


«Loyihaning qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda yerga oid huquqlarning bozor tamoyillari asosida rivojlantirish, yer ajratishda barcha uchun teng va shaffof tizimlarni yaratishga xizmat qiladi», — deydi adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov.

Deputat Doniyor G‘aniyev qonun loyihasida aks etgan norma — 10 mln AQSh dollaridan kam bo‘lmagan loyiha qiymatining kamida 10 foizini maxsus hisob raqamiga oldindan kiritganda jismoniy yoki yuridik shaxsga yer ajratish — bozor tamoyiliga qanchalik to‘g‘ri kelishiga oid savol bilan yuzlandi.

«Bizni asosiy maqsadimiz — qonun va farmon bilan yer munosabatini bozor munosabatlari asosida tartibga solish nuqtai nazaridan kelib chiqsak, bu norma Yer kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarning ruhiyatiga qanchalik to‘g‘ri keladi? Salohiyatli investorning loyihasi qanchalik to‘g‘ri ekanligini bozor munosabati belgilagani to‘g‘ri emasmi? Byurokratik hokimiyat orqali kimning loyihasi yaxshiligini belgilashdan ko‘ra, uni ochiq auksion, tanlov orqali bozorni o‘zi belgilagani yaxshi emasmi? Mani ishonchim komil, 10 mln AQSh dollarlik loyiha bir necha yuz ming dollarga yer sotib olishga imkoniyati bo‘ladi», — dedi u.

«Agar biz bu tartibni qoldiradigan bo‘lsak, yo‘qotishni aytganimiz, ya’ni o‘sha qonundan tashqari, tanish-bilishchilik orqali muammoli, hisobida bir so‘m puli yo‘q investorlarga yerni ajratishni to‘xtatishni maqsad qilib turgan paytimizda bu normani kiritishimiz qonunchilikka qanchalik to‘g‘ri keladi?», — deya qo‘shimcha qildi G‘aniyev.

Chet el fuqarolari va yuridik shaxslarga yer ajratish

Deputat so‘zi davomida chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxona va xalqaro birlashma, tashkilotlar, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga ijara olish huquqi bilan bozor qiymatida haq to‘lagan holda yer ajratish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

U prezident farmoni, qonun loyihasi, qolaversa, adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligida yerga oid yangi normalarni tushuntirishga bag‘ishlangan matbuot anjumaniда ham aniqlik kiritilmaganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bu qishloq xo‘jaligi yerigami yoki faqat qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yergami? Bunga aniqlik kiritish kerak. Chunki, bizda o‘zi qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan talab katta. Bu tiklanmaydigan, qo‘shib bo‘lmaydigan resurs hisoblanadi. Chet el fuqarolari va yuridik shaxslariga faqat qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlardan berish kerak, deb ko‘zda tutish lozim», — dedi u.

Yana bir jihat. Doniyor G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, chet el fuqarolari yoki tashkilotlariga yer ajratishda, chegara hududidan ma’lum bir masofa uzoqlikdagi yerlarni berish normasini ham kiritish talab etiladi.

«Modomiki, chet el fuqarolariga ijaraga yer berishni qonuniylashtirishni reja qilayotgan ekanmiz, balki, ularga mamlakat chegaralaridan ma’lum bir uzoqlikdagi maydonlardan berish masalasini kiritish kerak. Chunki, bu yerlar mamlakatning strategik xavfsizligi bilan bog‘liq yerlar hisoblanadi. Chet el tajribasini yaqinda o‘qigan edim, xorijliklarga mamlakat chegaralaridan 5 km uzoqlikdagi yerlarni berishga ruxsat etilgan. Balki, biz ham ushbu normani qonunda aks ettirishimiz kerakdir?», — dedi xalq vakili.

DXSH asosida yer ajratish

«20-moddada yerni doimiy foydalanishga ajratishga oid norma keltirilgan. Biz tuman hokimlaridan bu huquqni olib, faqatgina viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga berayapmiz. Xolbuki, bu yerda davlat-xususiy sheriklik loyihalari asosida doimiy foydalanishga yerni berish huquqi qoldirilayapti. Bu ham yana bitta katta „lazeyka“ emasmi?», — dedi u.

U amaliyotda shaxsan bu kabi holatlarga ko‘plab guvoh bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

«Oxirgi yillardagi prezident qaror va farmonlari bilan shundoq ham mahalliy hokimiyatlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer berish [vakolati] cheklangan edi. Juda ko‘p hokimliklar aynan DXSHni niqob qilib, ijtimoiy sheriklik loyihasi deb aks ettirib, yerni berib kelishayotgandi. Hozirgi norma bilan ming afsuski, bu jarayon yana davom etadi. Endi faqat tuman va shaharlar hokimlari emas, viloyatlar va Toshkent shahri hokimi ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy sheriklik niqobi ostida yer beradi», — dedi G‘aniyev.

U yana, Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risidagi qonunда belgilanganidek, 1 mln dollardan kichik qiymatdagi loyihalarni hech kim bilan kelishib o‘tirishga hojat yo‘qligini qayd etdi.

«Demak, ertaga viloyat hokimi mana shu qonun va farmonlardan kelib chiqib, kerakli yerni bu DXSH loyihasi, 1 mln dollardan kichkina deb, hech kim bilan kelishmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri berib yuboradi. O‘ylaymanki, bu ham ko‘zda tutilayotgan eng oliy maqsad — yerni haqiqiy bozor munosabati asosida ajratish prinsipiga zid bo‘layapti», — dedi deputat.

Ko‘p kvartirali uy joylashgan tutash yer uchastkasini ajratish

Doniyor G‘aniyev ko‘p kvartilari uy joylashgan tutash yer uchastkasini ajratish va undan umumiy foydalanish uchun berish masalasidagi tushunmovchiliklarga ham to‘xtaldi.

«Umumiy foydalanish deganda nimani tushunish kerak? Shunga ham aniqlik kiritilmayapti. Chunki, do‘kon ochadigan bo‘lsangiz, agar ko‘p kvartirali uylardagi odamlar foydalansa, u ham umumiy foydalanish, agar avtomobil turargohi qursangiz u ham, dorixona ochsangiz u ham umum foydalanish hisoblanadi. Bu ham ertaga ko‘p qavatli uylarni qurish, uylarni oldidagi yerlarni yana viloyat va Toshkent shahri hokimi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bozor munosabatlariga zid tarzda berilishiga yo‘l ochib qo‘ymaydimi?», — dedi u.

Yakka tartibdagi uy-joy xususiy mulk tarzida berilishi

U shuningdek, Yer kodeksining 28-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ham e’tibor qaratdi.

«Yakka tartibdagi uy-joy tarzida berilgan yerdan to‘g‘ri foydalanilmasa, 28-moddasiga kiritib o‘tayapsizlar, oshirilgan stavkalarda [soliq to‘lanadi] deyapsizlar. Lekin, 20 moddada yakka tartibdagi uy-joyni xususiy mulk sifatida berishga ruxsat etilayapti, — deya qo‘shimcha qildi G‘aniyev. — Agarda, yangi tartibga ko‘ra, yerni xususiy mulk, ya’ni aktiv sifatida beradigan bo‘lsak, ertaga berilgan yerdan qay darajada foydalanish xususiy mulkni egasining huquqi bo‘lmaydimi? Ertaga, yerni sotib olgan odamdan „sen yer uchastkasidan obodonlashtirishni amalga oshirmabsan“ deb soliq stavkasini oshirish bozor munosabatlariga qanchalik to‘g‘ri keladi?».

Deputat so‘zi yakunida qonun tashabbuskorlari hamda quyi palataning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasidan vakillirga murojaat qildi.

«Hujjat loyihasi tashabbuskorlaridan so‘ragan bo‘lardimki, modomiki biz bunaqa revolyutsion islohotni amalga oshirayotgan ekanmiz, keling shuni oxirigacha olib borайликда, har bitta normada shuni keltirib o‘taylikki, toki bundan buyon yer uchastkalarini berishda hech qanday „lazeyka“ larga joy qolmasin», — dedi Doniyor G‘aniyev.


Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov deputaning so‘zlariga haqiqatda jon borligini va mazkur tuzatishlar ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida, qo‘mitalar muhokamalarida batafsil ko‘rilishi lozimligini qayd etdi.

«Ayniqsa, ko‘p kvartirali uylar yerlaridan umumiy foydalanuvchilarga yer ajratish haqiqatdan sal mavhumroq, unga aniqlik kiritish kerak. Qolganlarining (taklif va savollarda — tahr.) hammasida ham jon bor. Birinchi o‘qishda qabul qilib, ikkinchi o‘qishgacha 2ta qo‘mita ko‘rib chiqib, hammasiga aniq javoblar va hisob-kitoblar qilib berishimizga to‘g‘ri keladi», — dedi Ismoilov.

Eslatib o‘tamiz, 8 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev yerga bo‘lgan huquqni bozor aktiviga aylantirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. O‘shanda «Gazeta.uz» ushbu farmon bo‘yicha barcha muhim o‘zgarishlar haqida batafsil yozgan edi.

9 iyun kuni esa adliya vaziri Ruslanbek Davletov ushbu hujjat atrofidagi gap-co‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida matbuot anjumani o‘tkazdi. Vazir hujjatda chet elliklarga faqat noqishloq maydonlardan yer berilishi ko‘zda tutilganini qayd etgan edi. Biroq, u aytgan tartib farmonda mavjud emas. Bundan tashqari, Davletov har xil o‘yin bo‘lib ketmasligi uchun farmon jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmaganini ta’kidladi.