Koronavirus bilan kasallanishning ko‘payishi O‘zbekistonda iyun oyining o‘rtalaridan boshlab kuzatilmoqda. Toshkent shahrida va viloyatlarda taqsimlash markazlari qayta ochildi, poytaxt hududiga bemorlar uchun mo‘ljallangan Zangiota ixtisoslashtirilgan shifoxonalari esa qo‘shimcha yuklama bilan ishlamoqda.

«Gazeta.uz» bilan suhbatlashgan Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyev kasallanish holatlarining ko‘payishi va sog‘liqni saqlash tizimidagi yuklamaning oshishini O‘zbekistonda «delta» variantining (birinchi bo‘lib Hindistonda aniqlangan) tarqalishi bilan bog‘laydi.

Emlash kasallikning og‘ir o‘tishi oldini olishi mumkin, ammo emlash qamrovi darajasi hali ham past. Erkin Musaboyevning so‘zlariga ko‘ra, emlash bilan qamrovning pastligi taklif qilinayotgan ZF-UZ-VAC2001 o‘zbek-xitoy vaksinasiga aholi orasida ishonchning pastligi bilan ham bog‘liq. «Gazeta.uz» mutaxassisga emlash, emlashga tayyorgarlik va boshqa masalalar bo‘yicha savollar bilan yuzlandi.

— Koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘payishining sababi nimada?

— Biz ikkinchi to‘lqinni kuzatyapmiz. O‘tgan yili, taxminan iyun oyida, kasallanish darajasi o‘sa boshladi. Bu deyarli noyabrgacha davom etdi. Noyabrdan aprelgacha nisbatan tinch edi. Virusning tarqalishi eng yuqori darajaga yetganmi yoki yo‘qmi, biz hali bilmaymiz.

Tahririyatdan. Bir yil oldin Erkin Musaboyev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida birinchilardan bo‘lib koronavirus pandemiyasining bilvosita qurbonlari haqida ogohlantirgan edi. Shuningdek, u kasallikning haqiqiy va ro‘yxatga olingan statistikasi o‘rtasidagi farqni tushuntirgan edi.

Kasallanish holatlarining ko‘pligi yangi shtamm bilan bog‘liq. Emlanish zarur. Emlash qamrovi past. Buni umuman emlash yaqinda boshlangani, ammo aholining emlashga nisbatan salbiy munosabati bilan izohlash mumkin.

— «Delta» varianti boshqalariga qaraganda og‘irroq kechadimi?

— Bir nima deyish mushkul. Biz hali jiddiy tahlil o‘tkazmadik. Ammo epidemiyaning boshlanishi bilan taqqoslaganda, biz davolashni o‘rgandik.

— Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hozirda shifoxonalarga faqat o‘ta og‘ir bemorlar yotqizilayotgani, shuningdek, oxirigacha tuzalmagan bemorlarga javob berilayotganidan shikoyat qilishyapti. Aslida ham vaziyat shundaymi?

— Dunyoning hech bir yerida kasallar oylab kasalxonalarda yotishmaydi. Buni tashkillashtirishning imkoni yo‘q. Kasalxonada oksigenatsiyaga — kislorodga ulanishga muhtoj bo‘lganlar yotishi kerak. Boshqa hollarda, siz uyda davolanishingiz mumkin. Yuqumli kasalliklar shifoxonalari reabilitatsiya markazi emas. Shuning uchun og‘ir davrda kasalxonada bo‘lib, xavf tugagach, bemor uyiga yuboriladi.

— Antitanachalar darajasi organizmni koviddan himoya qilishning yagona ko‘rsatkichimi?

— Bu asosiy ko‘rsatkich. Shuningdek, immunitetning hujayralariga qaraydigan juda murakkab usullar mavjud. Bilishimcha, bizda bu usullar mavjud emas. Ular aniqroq emas, ular shunchaki antitanachalarni, tananing himoya kuchlari haqida ma’lumotni to‘ldirishadi.

— Odamlar ZF-UZ-VAC2001 o‘zbek-xitoy vaksinasini olgandan keyin antitanachalar darajasi 500 dan kamni tashkil qiladi deyishadi, rus olimlari esa antitanachalar darajasi 1000 dan kam bo‘lmasa, vaksinani samarali deb hisoblaydilar. Shu bilan birga, barcha fuqarolar topshiradigan IgM va IgG antitanachalar natijalari «istalgan» raqamlar bilan mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydigan ko‘rsatkichlarni beradi. Himoya borligini tushunish uchun qanday antitanacha testlarini o‘tkazish kerak? Ushbu ko‘rsatkichlar qanday bo‘lishi kerak?

— Maxsus antitanachalar testini topshirish lozim. Ular neytrallashtiruvchilar yoki RBD deb nomlanadi. Ushbu antitanachalar immunitetni ko‘rsatadi. Agar biz umumiy antitanachalarni — IgM va IgGni ko‘rib chiqsak, bu hech narsani ko‘rsatmaydi. Bu odam kasal bo‘lib qolganmi yoki yo‘qligini ko‘rsatadi, ammo immunitetni emas.

— Ammo odam kasallikni boshidan o‘tkazgan bo‘lsa, unda baribir ham immunitet ishlab chiqariladiku.

— Maxsus ma’lumotsiz odamlar uchun tushunarsiz bo‘ladigan murakkab tafsilotlarga kirishmaylik. Antitanachalar darajasi bo‘yicha vaksinaning samaradorligi haqida gapirish uchun maxsus neytrallashtiruvchi antitanachalarni ko‘rib chiqish kerak. 500, 100 yoki 200 sonlariga qarash kerakmas. Me’yorga qarashga lozim. Odatda, agar bu ko‘rsatkich me’yordan 10 yoki undan ortiq birlikka yuqori bo‘lsa, bu allaqachon immunitet yetarli ekanligini ko‘rsatadi.

— Neytrallashtiruvchi antitanachalarga qayerda testlar topshirish mumkin?

— Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida ham topshirish mumkin. Ko‘pgina xususiy laboratoriyalar ham ushbu testni o‘tkazadilar.

— Biroq, xususiy klinikalarda antitanachalar uchun test topshirgan barcha tanishlarimning test natijalarida IgM va IgG yozilgan.

— Xato. Afsuski, laboratoriyalar o‘zlari o‘tkazgan tahlillarni qanday sharhlashni bilishmaydi. Umuman olganda, odamlar nima uchun ushbu ko‘rsatkichlarni bilishlari kerakligi aniq emas.

— Yaqinda Prezident administratsiyasiga yaqin bo‘lgan «Nigoh» Telegram kanalida o‘zbek-xitoy vaksinasi «delta» variantidan himoya qiladi degan xabar e’lon qilindi. Aslida ham shundaymi?

— Himoya qiladi, ammo neytrallashtiruvchi antitanachalar miqdori baribir yuqori bo‘lishi kerak, chunki «delta» — bu o‘zgargan variant. Organizmning ushbu variantga qarshi himoyasi Uxan variantidagidan ko‘ra pastroq. ZF-UZ-VAC2001 bilan emlashdan so‘ng hosil bo‘lgan antitanachalar «delta» variantini to‘sib qo‘yadi. Ammo neytrallashtiruvchi antitanachalarning konsentratsiyasi qanchalik yuqori bo‘lishi kerakligi haqida bir narsa deyish qiyin.

— Biz ushbu tadqiqotlarni hech qayerda ko‘rmayapmiz. Bu qanday aniqlandi?

— Chunki bu tadqiqotlar hali davom etmoqda. Bu juda murakkab jarayon. Masalan, men o‘z institutimda (Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida — tahr.) tadqiqotlar o‘tkazmoqchi bo‘lsam ham, menda bunday laboratoriya darajasi yo‘q. Buning uchun maxsus sharoitlar zarur.

Hozirda hukumat qarori bor. Biz BSL-3 darajasidagi laboratoriyani quramiz. U yerda vaksinaning ma’lum bir shtammdan qanchalik himoya qilishini ko‘rish mumkin. Bu arzon tadbir emas. Shuning uchun, hozir, afsuski, biz buni bu yerda aniqlay olmayapmiz. Bilishimcha, xitoyliklar ushbu vaksinaning «alfa» (birinchi marta Buyuk Britaniyada aniqlangan) va «beta» (Janubiy Afrikada aniqlangan) variantlariga qarshi samaradorligini tasdiqlashdi. Vaksinaning «Delta» versiyasiga qarshi samaradorligi to‘g‘risida menda ma’lumot yo‘q. Ehtimol, xitoyliklar ko‘rib chiqishgan.

— Mamlakatimizda bunday laboratoriyalar umuman yo‘qmi?

— Yo‘q, umuman yo‘q. Bunaqa yomon hodisalar sodir bo‘lgunga qadar virusologiyani rivojlantirish uchun kattaroq mablag‘ ajratilmasdi.

— Agar bizda bunday laboratoriyalar bo‘lmasa, vaksinaning «delta» variantidan himoya qilishi bo‘yicha ma’lumotlarni qayerdan olyapmiz?

— Men ular buni qayerdan olganini bilmayman. Agar ular shunday deyayotgan bo‘lishsa, demak, xitoyliklar buni ko‘rib chiqishgan va o‘z laboratoriyalarida ko‘zdan kechirishgan.

— O‘zbekistondagi III bosqich sinovlarida qatnashgan ko‘ngillilarning tahlillari Xitoyga yuborilyaptimi?

— Qisman jo‘natilyapti. Ushbu sinov uchun bizning institutimiz va Innovatsion rivojlanish vazirligi javobgardir. Laboratoriya qismi uchun vazirlik javobgar. Ammo, loyiha dizayniga ko‘ra, tahlillar yuborilishi kerak.

Neytrallashtiruvchi antitanachalar vaksinaning uchinchi dozasini olgandan keyin o‘rtacha 20 kun o‘tgach paydo bo‘ladi. Xitoy vaksinasiga ko‘ra, ikkinchi in’eksiya ko‘rsatgichlari 63% ni tashkil etdi, ya’ni ko‘ngillilarning 63%da antitanachalar ishlab chiqildi. Uchinchi in’eksiyadan so‘ng — 96−97% da.

Ular yoshlar edi. Agar somatik kasalliklar mavjud bo‘lsa, unda antitanachalar kamroq hosil bo‘ladi. Bu isbotlangan. Keksa odamlarda antitanachalar kamroq hosil bo‘ladi. Ko‘rsatkich o‘z o‘zidan pastroq bo‘ladi. Shuning uchun, agar kishi bitta yoki ikki dozani olgan bo‘lsa, afsuski, uning himoyasi yetarli emas.

Emlanganlarning 96−97 foizi himoyasi haqida gapirganda, ularning organizmi Uxan variantidan himoya qilingani nazarda tutiladi. «Delta» variantiga qarshi himoya yetarli bo‘lmasligi mumkin.

— Ammo organizmni hech bo‘lmaganda kasallik og‘ir kechishidan himoya qilish mumkinmi?

— Bu masala hozir tahlil qilinmoqda. Hozir biz ushbu tadqiqotlarni olib bormoqdamiz. Agar emlangan kishi kasal bo‘lib qolsa ham — kasallik qanday kechadi? Agar u ikki marta aksa ursa, bir marta harorati ko‘tarilsa — hechqisi yo‘q. Masala kasallikning og‘ir kechishidan va asoratlardan saqlanishda. Hozir biz tadqiqot olib boryapmiz va bu qanday kechayotganini kuzatyapmiz.


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

— Vaksinani qabul qilishdan oldin koronavirusni boshdan o‘tkazganlar antitanachalar uchun test topshirishi shartmi?

— Men shunchaki emlanish kerak deb hisoblayman. Xohish bo‘lsa, testni o‘tkazish mumkin. Kasal bo‘lganlarning bir qismi yuqori antitanachalarga ega bo‘ladi. Har holda, agar kamida bitta vaksina dozasi qilinsa ham antitanachalar yanada yuqoriroq bo‘ladi.

— Agar odamda antitanachalarning darajasi yuqori bo‘lsa, bu qandaydir oqibatlarga olib kelmaydimi?

— Yo‘q. Yaxshiyamki, yo‘q. Ba’zi kasalliklarning antitanachalari yuqori darajada bo‘lganida emlash mumkin bo‘lmaydi. Bularga, masalan, deng bezgagi kiradi. Yaxshiyamki, kovid holatida bunday emas.

— Agar odam koronavirusni boshidan kechirgan bo‘lsa, qancha vaqtdan keyin vaksinani olishi mumkin?

— Uch oy ichida deyishadi. Ammo bu ham shartli. O‘rtacha uch oy.

— Agar odamda kasallik belgilarsiz kechayotgan bo‘lsa, emlashdan oldin PZR testini topshirish kerakmi?

— Agar bemor juda xohlayotgan bo‘lsa, albatta topshirishi mumkin. Ammo, umuman olganda, nimaga kerak? Shunchaki emlanish lozim.

— Koronovirusga chalinganlar ham emlanishi mumkinmi?

— Yo‘q. Agar kasal bo‘lgan bo‘lsa, vaksina endi foydasiz. Ikki-uch oy kutish kerak.

— Kasallik paytida emlash qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

— Tajribamda koronavirus bilan kasallanganlarni emlashda yomon narsa kuzatmaganman.

— Emlashdan oldin sog‘lig‘imiz haqida qanday ma’lumotlarni bilish kerak?

— Birinchidan, surunkali kasalliklarning o‘tkir holati va kuchayishi bo‘lmasligi kerak. Aytaylik, gipertonik inqiroz.

— Vaksina olgan tanishlarimga bunday savollar berilmagan. Harorat, bosim o‘lchanib, sog‘lig‘i haqida so‘ralgan.

— Chunki qo‘llash mumkin bo‘lmagan jiddiy holatlar mavjud bo‘lmagan.

— Onkologik va autoimmun kasalliklar bular sirasiga kirmaydimi?

— Vaksina yangi bo‘lgani uchun batafsil ma’lumotlar yo‘q. Men onkologik kasalligi borlarning emlanishida yomon narsa ko‘rmayapman. Autoimmun kasalliklar holatida ham. Mening fikrim: agar autoimmun kasallikka chalingan odam kovid bilan kasal bo‘lib qolsa, vaksinadan ko‘ra ko‘proq asoratlar bo‘ladi.

— Siz homilador ayollarni emlash mumkin, degandingiz, ammo «Nigoh» kanalida buning aksi yozilmoqda. Bundan tashqari, emlashdan keyin olti oy ichida homiladorlikni rejalashtirish tavsiya etilmaydi.

— Teratogen ta’sirga — emlashning homilaga ta’sirini hech kim o‘rganmagan. Antitanachalar allaqachon ishlab chiqilgan holatda emlash homiladorlikka hech qanday ta’sir qilmaydi deb o‘ylayman. Menimcha, olti oy yoki bir yil ichida homilador hayvonlarda emlash tadqiqotlari bo‘yicha ma’lumotlar paydo bo‘ladi. Bu jarayonlar parallel ravishda olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar men bunday tadqiqotlar haqida o‘qimadim.

— Emlanishga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak?

— Hech qanday. Shunchaki borib, emlanish kerak.

— Emlanishdan oldin va keyin spirtli ichimlik ichish mumkinmi?

— Tavsiya qilinmaydi. Har holda, ko‘p miqdorda. Aniq ma’lumotlar yo‘q. Ammo antitanachalar ishlab chiqarilayotgan bir paytda, emlashdan keyin bir hafta davomida spirtli ichimliklardan voz kechish tavsiya etiladi.

— Agar biror kishi boshqa kasalliklarga, masalan, grippga yoki gepatitga qarshi emlangan bo‘lsa, kovidga qarshi emlanishi mumkinmi?

— Ha, lekin oradan kamida 20 kun o‘tishi kerak.

— Ba’zi kanallar ukol qilingan joyni uch kun davomida ho‘llash mumkin emas deb yozishadi. Shundaymi?

— Bilmayman. Ho‘llamaslik maqsadga muvofiq. Agar biror bir foizda yiring kuzatilsa, albatta ho‘llamaslik lozim. Har holda, men emlandim va ho‘llamaslik to‘g‘risida unutdim, yuvindim. Hech bir salbiy holat yuz bermadi.

— Vaksina olgandan keyin yaqinlardan izolyatsiya qilinish kerakmi?

— Yo‘q. Emlashdan keyin odam kasal yuqtiradimi? Ajralib yurishning nima keragi bor? Vaksinada genetik kod, virus yo‘q. Immunitet javob beradigan kichik bir oqsil mavjud xolos. Bu boshqa barcha kovid vaksinalariga ham tegishli. Genetik kodning o‘zi yo‘q. Emlangan odamlar boshqalarga kasal yuqtirmaydilar.

— Vaksinadan keyin isitmasi ko‘tarilib, tumov bo‘lganlar nima qilishi kerak?

— «Paratsetamol» ichish kerak. Boshqa hech narsa kerak emas.

— Vaksinaning birinchi yoki ikkinchi dozasidan so‘ng odam koronavirus bilan kasallansa, u uchinchi dozani olishi kerakmi?

— Yo‘q, tamom. Agar u kasal bo‘lib qolsa, davom ettirilmasa ham bo‘ladi, chunki allaqachon immunitet yetarlicha hosil bo‘lgan. Sog‘aygach, unga emlash kerak bo‘lmaydi. Chunki kasallik endi immunitet tizimini rag‘batlantiruvchi omil sifatida ishlaydi.

— Agar dozalar oralig‘i uzaytirilsa, emlash qanchalik samarali?

— Ahamiyati yo‘q. Emlanish mumkin. Hatto biror bir sabab bilan vaqtida ololmagan bo‘lsak ham, bir yarim oy yoki hatto ikki oy o‘tganidan keyin ham biz emlansak bo‘ladi. Emlanish kerak, tamom.

— Ushbu samaradorlik qanday aniqlangan?

— Yana aytaman, antitanachalarga qarash kerak. Vaksinologiyaning umumiy qonuni mavjud.

— O‘zbek-Xitoy vaksinasi, shuningdek AstraZeneca va «Sputnik V» bilan emlangandan keyin qancha vaqt o‘tgach qayta emlanish kerak bo‘ladi?

— Hozirda bu masala ko‘rib chiqilmoqda. Bu umuman kerakmi va qachon kerak bo‘ladi. Bu borada hali aniq ko‘rsatmalar mavjud emas.

— Ammo Rossiyada, masalan, allaqachon qayta emlash boshlangan.

— Buning ilmiy asoslari yo‘q deb o‘ylayman.

— Xitoy vaksinasidan keyin antitanachalar qancha davom etishi hali aniq emasmi?

— Yo‘q.

— Bu emlashdan oldin, agar kerak bo‘lsa, antitanachalarga test topshirish kerak bo‘ladi deganimi?

— Shart emas. Bilmayman. Buning uchun alohida tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak.

— Ko‘pchilik vaksinalar fertillikka (nasl yaratish qobiliyati) ta’sir qiladi degan xavotirda.

— Bu safsata.Ular fertillikka mutlaqo ta’sir qilmaydi. Ular unga qanday ta’sir qilishi mumkinligini hatto tushunmayapman.

— Virus mutatsiyaga uchrayapti. Mavjud vaksinalar yangi turdagi viruslarga qarshi ish beradimi?

— Menimcha, xuddi gripp bilan bo‘lgani kabi vaksinalar har yili o‘zgarib turadi. Gripp holatida ham har yili mavsumiy vaksina qilinadi.

— Kasallikning yangi variantlari paydo bo‘lishi sababli mavjud vaksinalar takomillashtirilyaptimi?

— Bilishimcha, Pfizer kompaniyasi «delta» shtammiga qarshi vaksina ishlab chiqarish ustida ish boshlagan.

— Biz jamoaviy immunitetini shakllantirish uchun katta yoshdagi aholining 60% emlanishi zarurligi to‘g‘risida eshityapmiz. Ammo hozirda 70−80−90% aholi emlanishi kerakligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lyapti. Eng aniq raqam qaysi?

— Bu ko‘rsatkich qanchalik baland bo‘lsa, shunchalik yaxshi. Ammo kamida 60%.

Sabina Bakayeva suhbatlashdi.