Britaniyalik milliarder, Virgin Galactic kompaniyasi asoschisi Richard Brenson 11 iyul kuni VSS Unity suborbital raketoplanida koinotga parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirib, kosmik turizm erasini boshlab berdi. Parvoz to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Foto: Virgin Galactic.

70 yoshli tadbirkor bilan Unity 22 missiyasida (kemaning sinov parvozi tartib raqami) ikki nafar uchuvchi — Deyv Makkey va Maykl Masuchchi hamda Virgin Galactic bosh astronavt-instruktori Bet Mozes, bosh amaliyotchi muhandis Kolin Bennett hamda hukumat bilan aloqalar bo‘yicha vitse-prezident, asl kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan aviatsion muhandis Sirisha Bandla ham bor edi.

Kemaning ajralish jarayoni. Translyatsiyadan lavha.

Richard Brensonning onasi Yeva (yanvarda 96 yoshida koronavirusdan vafot etdi) sharafiga Virgin MotherShip Eve deb nomlangan tashuvchi samolyot ertalab Nyu-Meksiko shtatidagi (AQSh) «Amerika» kosmoportidan parvoz qildi. Parvozning 45-daqiqasida samolyot 15 km balandlikka ko‘tarilganidan keyin VSS Unity undan ajraldi va 60 soniya ichida 88 km balandlikka ko‘tarildi.

Foto: Virgin Galactic.

Yo‘lovchilar bir necha daqiqa davomida vaznsizlik holatida bo‘lganlaridan so‘ng, kema planyor rejimida pastlashishni boshladi. Tushish bir necha daqiqa davom etdi va parvozdan qo‘nishgacha bo‘lgan jami parvoz 59 daqiqa davom etdi.

Foto: Virgin Galactic.

Bu to‘liq tarkibdagi ekipaj bilan amalga oshirilgan birinchi sinov parvozi bo‘ldi. The Guardian nashrining yozishicha, tijoriy parvozlar yo‘lga qo‘yilgunga qadar 2022 yilda kompaniya yana ikkita sinov parvozini amalga oshiradi. Virgin Galactic ma’lumotlariga ko‘ra, koinot chegarasiga (NASAga ko‘ra dengiz sathidan 80 km, xalqaro miqyosda esa 100 km balandlik deb tan olingan) parvoz qilishni kutayotganlar soni 600 kishini tashkil etib, ular bitta parvoz uchun 250 ming dollar to‘lashga tayyor.

Kemaning qo‘nish jarayoni. Translyatsiyadan lavha.

«Yuqoridan yerga qarashda his qiladigan tuyg‘ularni so‘z bilan ta’riflab berishning iloji yo‘q, bu shunchaki ta’riflab bo‘lmaydigan go‘zallik», — dedi Richard Brenson qo‘nganidan keyin. «Agar siz qachonlardir orzu qilgan bo‘lsangiz, uni amalga oshirish vaqti keldi. Yangi kosmik era tongiga xush kelibsiz», — dedi u.

Richard Branson Virgin Galactic kompaniyasiga 2004 yilda asos solgan. U koinotga turistik parvozni amalga oshirishni maqsad qilgan boshqa bir milliarder — Amazon internet-giganti va Blue Origin aerokosmik kompaniyasi asoschisi Jeff Bezosni to‘qqiz kunga ortda qoldirdi.

20 iyul — amerikalik astronavtning Oyga qo‘yganiga 52 yil to‘lgan kuni Jeff Bezos ukasi Mark va yana ikki yo‘lovchi (ulardan biri 82 yoshli uchuvchi ayol Uolli Fank) New Shepard ko‘p martalik suborbital raketasida 105 km balandlikka ko‘tarilishi kerak. Kema koinotga ko‘tarilgan birinchi amerikalik astronavt Alan Shepard sharafiga nomlangan.

Ilon Mask tomonidan asos solingan SpaceX kompaniyasi esa sentyabrda Crew Dragon ko‘p martalik kemasida to‘rt kishilik ekpipaj bilan Inspiration4 birinchi to‘liq fuqarolik missiyasini yuborishni rejalashtirmoqda. Brenson va Bezos missiyalaridan farqli ravishda, bu uch kun davom etadigan orbital parvoz bo‘ladi.