O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021 yilda 8,1 foizga, 2022 yilda esa 6,3 foizga o‘sadi. Bu haqda J. P. Morgan investitsiya bankining"Uzbekistan: Soum’er Solstice" («O‘zbekistonning Quyosh kabi ko‘tarilishi») hisobotida so‘z boradi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Investitsiya banki prognozi XVJ (5%ga yaqin) va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari (Jahon banki — 4,8%, YeTTB — 5,6%, Moody’s — 5,5%) prognozlaridan balandroq. Moliya vazirligi ham, prezident YAIM o‘sishini 6 foizga yetkazish vazifasini yuklaganiga qaramasdan, 5,1 foizlik o‘sishni kutmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, 2021 yilgi iqtisodiy o‘sishga asosan qurilish va sanoat tarmoqlari hissa qo‘shadi.

V J. P. Morgan O‘zbekiston so‘nggi 20 yil ichida O‘rta Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika (SEEMEA) mamlakatlari orasida yuqori va barqaror o‘sish sur’atiga erisha olgan sanoqli mamlakatlardan biri bo‘lganini qayd etib o‘tdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston bozorlarni erkinlashtirish, keng ko‘lamli xususiylashtirish orqali davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish kabi islohotlar ostonasida turibdi, deyiladi hisobotda. Bunda xalqaro moliya institutlari ko‘magidan keng foydalanilmoqda.

Davlat korxonalari islohotiga to‘xtalar ekan, V J. P. Morgan xususiylashtirish iqtisodiy naf olib kelishini, biroq, u xatarlardan holi emasligini ta’kidlamoqda. Bunga MDHning 1990 yillardagi tajribasi misol qilib keltirilgan. Shu sababdan, O‘zbekiston Hukumati davlat korxonalarini qay tarzda xususiylashtirishi muhimligi aytilmoqda. Xususiylashtirishdagi ehtimoliy xatarlar haqida Moody’s reyting agentligi ham ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston fiskal siyosatdan iqtisodiyotni boshqarishning asosiy vositasi o‘laroq foydalanadi. Hukumat 2020 yilda konservativ fiskal siyosatni amalga oshirdi (umumiy fiskal taqchillik avval prognoz qilingan YAIMning 7 foizi o‘rniga YAIMning 4,4 foiziga teng bo‘ldi).

Hisobotga ko‘ra, 2016 yildan keyin davlat qarzi tez sur’atlar bilan o‘sishi kuzatilsa-da, Byudjet qonuni bilan davlat qarzining eng yuqori miqdori (YAIMga nisbatan 60 foiz) belgilanligi va davlat qarzining 60 foizga etishi ehtimoli pastligi qayd etilgan.

V J. P. Morgan prognozlariga ko‘ra, oltin narxi 2022 yilga borib 1350 dollargacha tushishi mumkin. Shu sababdan, O‘zbekiston joriy operatsiyalari hisobi taqchilligi 2021 yilda YAIMga nisbatan 4,5 foizni, 2022 yilda YAIMga nisbatan 8,5 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston suveren xalqaro obligatsiyalari narxlari makroiqtisodiy holatning yaxshilanayotganini aks ettiradi. Xususan, amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar investorlar «ishtahasi»ga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Biroq, ichki kapital bozori ko‘lami kengaytirish, daromadlilik egri chizig‘ini uzaytirish zarurati va norezidentlar uchun mavjud cheklovlar ham qayd etilgan bo‘lib, 2022 yildan ichki kapital bozorida o‘zgarish kutilayotgani ta’kidlangan.