Germaniya mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer ARD telekanaliga bergan intervyusida Afg‘onistondagi operatsiya yakunlarini sarhisob qildi, deb xabar bermoqda Kommersant nashri.

Germaniyalik harbiylarning so‘nggi guruhi 30 iyun kuni Afg‘onistonni tark etdi. GFR Mudofaa vaziri askarlarni hududdan chiqarilishini «muhim tarixiy voqea» deb atadi.

«Biz Afg‘onistondan tezda yevropacha namunadagi davlatni yarata olamiz, degan noto‘g‘ri taassurotni uyg‘otdik», — dedi mudofaa vaziri.

Harbiy kampaniyani sarhisob qilar ekan, Annegret Kramp-Karrenbauer kelgusi xalqaro operatsiyalar davomida «haqiqiy siyosiy maqsadlar»ni qo‘yish muhimligini qayd etdi.

«Bu biz birinchi navbatda Malida inobatga olishim kerak bo‘lgan saboqlardan biri», — dedi vazir bundesverning G‘arbiy Afrikada joylashtirilgan bo‘linmalariga ishora qilib.

Germaniya vakilasining so‘zlariga ko‘ra, GFR NATO ittifoqdoshlari bilan birgalikda islom respublikasiga bundan keyin ham yordam berish yo‘llarini izlamoqda. «Hattoki, bizning mamlakatdagi harbiy ishtirokimiz o‘z yakuniga yetgan taqdirda ham biz Afg‘oniston tomonida qolishimiz kerak, — dedi u. — Misol uchun, biz mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin».

Annegret Kramp-Karrenbauer harbiy alyans ichida ayni vaqtda NATO qaysi yo‘l orqali Afg‘oniston armiyasini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi haqida so‘z borayotganini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, bundesvar bo‘linmalari Afg‘onistonga 2001 yilning dekabrida, AQShda sodir bo‘lgan 11 sentyabr fojiasidan ko‘p o‘tmasdan yuborilgan edi. 20 yil mobaynida o‘tkazilgan operatsiyalarda 150 mingga yaqin nemis askarlari qatnashdi va ular asosan, Hindikush hududiga joylashtirildi. Harbiy missiya chog‘ida GFRning 59 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, 14 aprel kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlangani, ushbu jarayon joriy yil 11 sentyabrga qadar yakunlanishini e’lon qilgandi.

Donald Trapm boshchiligidagi avvalgi ma’muriyati 2020 yilning fevralida Dohada «Tolibon» harakati bilan imzolagan tinchlik bitimiga ko‘ra, Vashington 2021 yilning 1 mayiga qadar o‘zi va ittifoqdoshlarining qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqishi kerak edi. Erishilgan kelishuvlardan bu tarzda chetlashish toliblar tomonidan keskin norozilikka sabab bo‘ldi, bu holatda ular o‘zlarini Doha shartnomasi bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlardan qariyb, ozod deb hisoblashini bildirgan.

May oyida AQSh Afg‘onistondan olib chiqilayotgan qo‘shin va harbiy texnikani Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston va Tojikistonga joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar qilingan edi.

Qolaversa, iyun o‘rtalarida «Tolibon» Turkiyadan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qildi. Harakat shu tarzda NATO o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishi ortidan Anqaraning Qobul aeroportini muhofaza qilish yuzasidan bergan taklifiga munosabat bildirdi.

Iyun oxirlariga kelib esa, AQSh qo‘shinlarining asosiy qismini olib chiqqach, Afg‘onistonda 650 nafar amerikalik askarni qoldirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Associated Press`ning yozishicha, qo‘shma shtatlar bu qarorni mamlakatda qoladigan diplomatlarning xavfsizligini ta’minlash bilan izohlagan.