Isroil COVID-19 bilan kasallanish holatlari oshgani sababli juma kunidan boshlab yopiq joylarda niqob taqish rejimiga qaytmoqda, deya xabar bermoqda RIA Novosti Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib.

«Kasallanish holatlarining ko‘payishi munosabati bilan bugun soat 12:00 dan barcha yopiq joylarda niqob taqish rejimi joriy qilinadi. Ochiq joylar bundan mustasno», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar, shuningdek, sport bilan shug‘ullanilayotgan vaqtda niqob taqish majburiy emas.

Shu hafta boshida Isroil bosh vaziri Naftali Bennett fuqarolarni koronavirusning «delta» shtammining tarqalayotgani munosabati bilan chet elga sayohat qilishdan tiyilishga chaqirdi. Bu hozircha qat’iy talab emas.

Eslatib o‘tamiz, Isroilda 18 apreldan boshlab ko‘chada niqob taqmaslikka ruxsat berilgan edi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Isroil koronavirusni qanday yengayotgani haqida yozgan edi.