O‘zbekiston 2021 yilining dastlabki choragida «Gazprom»dan 1,5 mlrd kub gaz sotib oldi, deya xabar bermoqda «Interfaks».

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston 2018 yilda «Gazprom»ga 3,8 mlrd kub metr gaz yetkazib bergan. 2019 yilda yetkazib berish hajmini 4,9 mlrd kub metrgacha oshirgan va 2020 yilda uni to‘xtatgandi. 2021 yilning birinchi choragida ham o‘zbek gazi Rossiya konserniga yetkazib berilmagan.

2020 yilda «Gazprom» Turkmaniston gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni boshladi. O‘tgan yilda 0,9 mlrd kub metr gaz yetkazib berilgan. Joriy yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 1,5 mlrd kub metrga yetgan.

E’tiborli jihati shundaki, 2021 yilning ilk choragida O‘zbekiston «Gazprom» va Turkmanistondan Xitoyga (0,54 mlrd kub metr) eksport qilganidan ham ko‘proq gaz sotib olgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonga gaz importi 50,4 mln dollarni tashkil etgan edi, bu 2019 yilga nisbatan 237,1 baravar ko‘proq. Gaz eksporti esa qiymati bo‘yicha 4,7 baravarga, ya’ni 2,2 mlrd dollardan 478,1 mln dollarga kamaygan edi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi 2019 yilga nisbatan 10,8 mlrd kubometrga yoki 17,8 foizga, ya’ni 60,5 mlrd dan 49,7 mlrd kubometrgacha kamaydi.