Prezident 21 iyun kuni «Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi қарорга imzo chekdi.

Hujjatga muvofiq, hududlarda klaster usulida mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari (KSZ) tashkil etiladi. Ulardagi ishlab chiqarish maydonlari mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.

KSZlarni tashkil qilish uchun yer maydoni ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.

Zonalardagi ishlab chiqarish maydonlariga egalik qilishning majburiy sharti sifatida ushbu kichik sanoat zonasining bosh rejasiga asosan mebel va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish obyektlarini joylashtirish belgilanadi.

Zonalardagi qishloq xo‘jaligida foydalanilgan yer maydonlarini mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilishdan tushgan tushumning mahalliy byudjetga yo‘naltiriladigan qismi byudjetning qo‘shimcha daromadi sifatida shakllantiriladi va kamida 30 foizi ushbu hududda yangi yer maydonlarini qishloq xo‘jaligiga kiritish uchun sarflanadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oyda tashkil qilinayotgan kichik sanoat zonalarini barcha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlash manzilli dasturiни tasdiqlaydi.

2021 yil 15 iyundan boshlab quyidagi xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi:

  • 2021−2024 yillarda yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalarning xomashyo (TIF TN bo‘yicha 4410 va 4411 kodlari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining — 50 foizi miqdorida;
  • 2024 yil 1 yanvarga qadar mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eksport qiluvchi korxonalarga mebel mahsulotlarini barcha davlatlarga, shu jumladan, qo‘shni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yo‘l tashish xarajatlarining — 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 5 foizidan, temir yo‘l transportida 7 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorida.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 yanvarga qadar mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

Ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi «2021−2024 yillarda O‘zbekistonda mebel va yog‘ochsozlik sanoatini rivojlantirish dasturi» loyihasi ishlab chiqiladi:

  • respublika hududlarida qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylarni aholining talabidan kelib chiqqan holda birinchi navbatda mahalliy mebel mahsulotlari bilan jihozlash bo‘yicha iste’mol kreditlarining yangi turlari va paketlarini joriy qilish;
  • 2021−2024 yillarda respublika hududlaridagi davlat tashkilotlarining, shu jumladan, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim hamda sog‘liqni saqlash muassasalarining mebel jihozlarini yangilash grafigini tasdiqlash;
  • mebel sanoatining barcha yo‘nalishlarida xomashyo sifatida foydalaniladigan daraxt turlarini respublika iqlim sharoitini hisobga olgan holda yetishtirish hamda respublika mebel sanoatida xomashyo sifatida foydalaniladigan daraxt turlari plantatsiyalarini barpo etish;
  • xorijiy davlatlardagi (Xitoy, Turkiya hamda Yevropa davlatlari) yirik mebel ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan respublikada ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish;
  • Innovatsion rivojlanish vazirligi va «O‘zkimyosanoat» AJ bilan birgalikda respublika hududlarida MDF plitalari, HPL panellar, hamda xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish.

Qaror bilan shuningdek, 2022 yildan boshlab har yili may oyida mahalliy va xorijiy korxona vakillari, salohiyatli investorlar, ekspertlar va tarmoqqa aloqador boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda Mebel xalqaro savdo ko‘rgazmasi («Uzbek International Furniture Fair») o‘tkaziladi.