Azon.uz nashri ta’sischisi Mubashshir Ahmad, MCHJ rahbari G‘ayratxo‘ja Saidaliyev, bosh muharrir Abdulaziz Muborak hamda «Azon TV» rahbari Farhod Tohirovga nisbatan diniy mavzudagi materiallar uchun jarima qo‘llanildi. Bu haqda Azon.uz nashri bosh muharriri Abdulaziz Muborak «Gazeta.uz» muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−2-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan ma’muriy ish ochilgan. Sud qarori bilan Abdulaziz Muborak, Mubashshir Ahmad hamda Farhod Tohirovga BHMning 20 barobari (4 mln 900 ming so‘mg), G‘ayratxo‘ja Saidaliyevga nisbatan 50 barobar (12 mln 250 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangan.

«Afsuslanarlisi, saytning ijodiy ishiga shaxsan o‘zim javobgarman. Lekin MCHJ rahbariga ham jarima qo‘llanildi, uning saytning ishiga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham. Bu shaxsan menga og‘ir botdi. Hammasidan ham o‘tib tushdi», — deya qo‘shimcha qiladi Abdulaziz Muborak.

Aynan qaysi materiallar uchun nashr rahbariyati jarimaga tortilgani haqida so‘ralganida Abdulaziz Muborak quyidagicha javob berdi:

«Turkiya va Rossiyaning munosabatlari sovuqlashdi» degan maqola bor deylik. Shu ruhdagi, xorijiy davlatlar haqida tayyorlangan maqolalarni «O‘zbekiston bilan munosabatini buzishi mumkin», degan ayblovlar bilan hamda diniy materiallarni ekspertizadan o‘tkazmaganlik bo‘yicha ayblovlar bo‘ldi. Bu narsaning ham izohi bor. Boshlig‘imiz Mubashshir Ahmad domlaga diniy qo‘mitadagilar «sizning diniy bilimingiz yetarli, sizga ishonamiz, diniy materiallarni qo‘yavering. Biz vaqtida ruxsat berib ulgurmayapmiz», degan og‘zaki aytilgan gapdan keyin berilayotgandi. Diniy ekstrimizm, terrorizmga oid, millatlararo yoki dinlararo munosabatlarni buzadigan, har xil chaqiriqlar bilan chiqadigan maqolalarni qo‘ymasligimizni ular yaxshi bilganidan ruxsat berishgan. O‘sha ekspertizada ham alohida ta’kidlangan edi", — deydi u.

Azon.uz nashrining bosh muharriri ushbu holat 4 oycha oldin Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev bilan bo‘lgan tortishuv sababli bo‘lgan deb biladi. «Adovat sababli bo‘ldi bu narsa», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Fevral oyida Azon.uz bosh muharriri Abdulaziz Muborak Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev tomonidan tahririyatga bosim va tahdid bo‘lganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda bosh muharrir shu sabab ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan.

«Biz tarqatayotgan xabarlar davlatimizni boshqa davlatlar bilan munosabatiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin degan xulosani berishga din ishlari bo‘yicha qo‘mitani haqqi yo‘q, deb hisoblaymiz. Bu jurnalistik faoliyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajovuz», — deydi Abdulaziz Muborak.

Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, quyidagi materiallar rahbariyatga jarima solinishga sabab bo‘ldi:

1. «Isroil raketa texnologiyalari zavodida portlash sodir bo‘ldi» sarlavhali xabar (2021 yil 22 aprel kuni nashr qilingan);

2. «Turkiya va Rossiyaning munosabatlari yomonlashdi» sarlavhali xabar (2021 yil 22 aprel kuni nashr qilingan);

3. «Suriya hukumati kimyoviy qurollar qo‘llagani bois cheklovga uchradi» sarlavhali xabar (2021 yil 21 aprel kuni nashr qilingan);

4. «Chad: o‘ldirilgan prezidentning o‘rnini o‘g‘li egalladi» sarlavhali xabar (2021 yil 21 aprel kuni nashr qilingan);

5. «Bashar Asad yana prezident bo‘lmoqchi» sarlavhali xabar (2021 yil 21 aprel kuni nashr qilingan).

«Shu kabi maqolalarda go‘yoki biz xorijiy davlatlar bilan aloqalarni buzib qo‘yish mumkin degan ayblovlarni qilishyapti. Men buni jurnalistikaga tajovuz deb hisoblayman», — deydi Abdulaziz Muborak.

Undan biror ayblovlarni tan olish masalasida so‘ralganida, hech qanday ayblovni tan olmasligini, sudda ham yengillik so‘ramaganini ta’kidladi.

«Biz bir yilcha avval ekspertizadan xabalarni o‘tkazib yurganmiz. Keyin diniy qo‘mitaning mas’ul vakillari domlaga og‘zaki ravishda vakolatni berishgan. Bu tashkilotlar biror buyruq bersa ham yozma shaklda bermaydi, og‘zaki ishlaydi ular. O‘sha og‘zaki buyrug‘iga ishlab yurgandik. Shuning uchun buni ham ayb, deb hisoblamaymanda», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Abdulaziz Muborak «Gazeta.uz»ga ushbu jarayon qanday boshlangani haqida gapirib berdi.

«Bizni respublika IIVning Terrorizm va ekstrimizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasiga telefon orqali bir suhbat o‘tkazamiz, deb chaqirishdi. Shaxsan o‘zim ertalab 9da borib, kechqurunga 9da kirdim. Biz aynan ertalabki 9ga chaqirilgan edik. U xodim o‘zini tanishtirgani yo‘q, masalan. Shunchaki suhbatlashishga dedi. Oxiri bizdan tushuntirish xati oldi. Keyin bizning ishimizni Chilonzor tumani terrorizm bo‘limi xodimiga berib, shuni suddan o‘tkazasan, deb turib olgan», — deydi u.

Ta’kidlanishicha, sudda bosh muharrirga «Bosh direktor sizning ijodiy ishingizga aralashadimi», degan savol berilgan. Abdulaziz Muborak «Ba’zi masalalarda, masalan, sudga berishdi kimdir, shuni yoritishda maslahat so‘rayman», deya javob bergan. «Shu gapim uchun ellik baravar jarima solindi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

«Biz bu narsani oldindan tayyorlangan, ya’ni sudda bizning biror bir gapimiz yoki advokatimiz gapi ham inobatga olingani yo‘q. Ekspertlar chaqirilsin, isbotlab bersin ayblarimizni, dedik, u ham bo‘lmadi. Maqsad bizning ovozimizni o‘chirish bo‘ldi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda trollar orqali ham amalga oshyapti», — deydi u.

Ma’lum qilinishicha, respublika IIVning terrorizm bo‘limi Azon.uz`ning maqolalarini olib, ekspertizaga bergan.

Abdulaziz Muborakning qo‘shimcha qilishicha, sudga ularni 10:30 ga yaqin chaqirishgan, lekin sudga materiallar 12 ga yaqin olib kelingan. «Biz sud ustidan yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilamiz», — deydi u.

Azon.uz o‘z saytida materiallarni e’lon qilishni to‘xtatdi. So‘nggi yangilik 21 iyun kuni soat 20:35 da e’lon qilingan.

22 iyun soat 16:48 vaqtidagi skrinshot.

Mazkur holat yuzasidan ham nashr bosh muharriri izoh berdi.

«Aynan noroziligimiz ifodasi o‘laroq maqola bermayapmiz. Butun bizga bo‘layotgan munosabat: Respublika terrorizm bo‘limi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bizning faoliyatimizga to‘sqinlik qilayapti, lekin jurnalist va blogerlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va AOKA bunga munosabat bildirmayapti. Jurnalistlar uyushmasi degan tashkilot bor. Bilmayman, bular nima ish qiladi?», — deydi u.

«Gazeta.uz» ushbu holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi bilan ham bog‘landi. IIV matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov vazirlik Terrorizm va ekstrimizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasining barcha harakatlari qonun doirasida amalga oshirilganligini, tahririyat shikoyati bo‘lsa sudga murojaat qilishini ta’kidladi.

Islom mavzulariga ixtisoslashgan Azon.uz sayti 2017 yil avgust oyidan beri faoliyat olib boradi. Nashr maqsadlari — aholining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, din va ma’rifat sohasidagi o‘zgarishlarga o‘z hissasini qo‘shish, mamlakatdagi va xorijdagi voqealarni tahlil qilish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq saytda e’lon qilingan diniy mazmundagi materiallar uchun Kun.uz asoschilaridan biri va rahbari 12,2 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgani, sud qaroridan keyin nashr yangiliklarni e’lon qilishni to‘xtatgani haqida xabar berilgan edi.