Shavkat Mirziyoyev 14 iyun kuni sog‘liqni saqlash va kommunal xizmat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, davlat rahbari Toshkent viloyati va poytaxtning tumanlarida bo‘lganida, shuningdek, 28 may kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida kommunal tarmoqlarni yangilash, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘ygan edi. Shu borada mutasaddi vazirlik va hokimliklar tomonidan boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Jumladan, Toshkent viloyatida 4 ming 938 ta ko‘p qavatli uy bor. Ularga 36 ta servis kompaniyasi va 369 ta shirkat xizmat ko‘rsatadi. Shirkatlarning yarmidan ko‘pi og‘ir ahvolda. Xizmatlar o‘z vaqtida va sifatli bo‘lmagani, zamonaviy yondashuvlar joriy etilmagani oqibatida iste’molchilar norozi ekanligi qayd etildi.

O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan aloqalarida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyat berilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatida Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi bilan yaqin sheriklik yo‘lga qo‘yilgan. Taqdimotda ushbu hamkorlik asosida amalga oshiriladigan iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Shavkat Mirziyoyev bundan bir oy oldin Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga borib, bu yo‘nalishdagi shifoxonalarda sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. 27 may kuni prezidentning «Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga ko‘ra, Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi binolar qurish va jihozlash bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Buning uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududidan 5 gektardan ziyod yer ajratilgan. Binoni loyihalashtirishda xorijiy tibbiyot muassasalarining ilg‘or tajribasi inobatga olingan.

Ma’lumotga ko‘ra, yangi markazda pozitron-emission tomografiya, radioizotop tekshirishlar, zanjir reaksiyali analizatorlar, magnit-rezonans tomografiya, angiografiya uchun zamonaviy uskunalar o‘rnatiladi. Immunoterapiya, target terapiya, chiziqli tezlatkich yordamida va stereotoksik nur terapiya, radioxirurgiya kabi yangi davolash uslublari joriy etiladi.

«Prezident ko‘rsatmasiga muvofiq, barcha hududlardagi onkologiya shifoxonalaridagi sharoit, davolash sifati o‘rganilgan. Bunday kasalliklar bo‘yicha eng ko‘p murojaat Toshkent shahri va Toshkent viloyati filiallariga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, ularda barcha bemorlarning qariyb 37 foizi davolangan. Shundan kelib chiqib, Toshkent shahri va Toshkent viloyati shifoxonalarini yagona muassasa sifatida birlashtirish taklifi bildirildi. Buning natijasida salohiyatli mutaxassislar va yuqori texnologik uskunalar bir joyda jamlanib, davolash sifati oshadi, bemorlar sarson bo‘lishining oldi olinadi», deya qayd etdi prezident matbuot xizmati.

Malakali shifokorlar tayyorlashga qaratilgan rejalar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, N.I.Pirogov nomidagi Rossiya tibbiyot universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Hamkorlik doirasida kelgusi ikki yilda O‘zbekiston talabalarini Rossiyaga o‘qishga yuborish, 2023−2024 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida Pirogov nomidagi universitet filialini ochish rejalashtirilgan.

Prezident loyihalarni ma’qullab, ularni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, taqdimotda tijorat banklari tomonidan shakllantirilgan loyihalar ham ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.