Isroil parlamenti (Knesset) mamlakatning yangi koalitsion hukumatini tasdiqladi. Yangi hukumatga 12 yil davomida bosh vazir bo‘lgan Binyamin Netanyaxu va uning partiyasi kirmadi. Bu haqda The Times of Israel xabar bermoqda.

Hukumat almashishi uchun Knessetning 60 nafar deputati, unga qarshi 59 deputat ovoz berdi. Yangi hukumatning rahbari «Yamina» partiyasi yetakchisi Naftali Bennet bo‘ldi. U Isroilning 13-bosh vaziri sifatida qasamyod keltirdi.

Foto: Noam Moscowitz / Parlament spikeri ofisi

Koalitsion hukumat kelishuvi doirasida Bennet birinchi ikki yil davomida bosh vazir lavozimida faoliyat yuritadi. Keyin esa uning o‘rnini Isroilning sobiq moliya vaziri va «Yesh Atid» liberal partiyasi yetakchisi Yair Lapid egallaydi.

Naftalin Bennet turli yillarda hukumat tarkibida Ta’lim vaziri, Iqtisodiyot vaziri, Diniy xizmatlar vaziri, Quddus va diaspora masalalari vaziri sifatida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, 23 mart kuni Isroilda navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, bu saylovlar so‘nggi ikki yil ichidagi to‘rtinchisi bo‘ldi. «Likud» partiyasi parlamentda 25% o‘rinlarni egallagan bo‘lsa ham, Netanyaxu koalitsion hukumat tuza olmadi.

Netanyaxu 1996−1999 yillarda, keyin esa 2009 yildan hozirga qadar Isroil bosh vaziri sifatida faoliyat yuritgan. 2009 yildan oldin u to‘rt yil davomida Knessetda oppozitsiya yetakchisi bo‘lgan.

Isroilda hokimiyat vakolatlari bosh vazir qo‘lida.