Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanalida FVV xodimlari tomonidan ikki nafar fuqaro qutqarib qolindi. Qutqaruvchilardan biri suvda cho‘kib halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda FVV axborot xizmati.

Hodisa 8 iyun kuni soat 15:16 larda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Yu.Rajabiy MFYdan oqib o‘tuvchi Bo‘rijar kanalida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, taqiqlangan joyda suvga tushgan fuqaro cho‘kishni boshlagan. Ushbu hududda nazorat olib borayotgan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ikki nafar xodimi cho‘kayotgan fuqaroni ko‘rib, qutqaruv ishlarini amalga oshirishgan.

Qutqaruv jarayonida FVV xodimlari A.Azimxo‘jayev va I.Murodovlar fuqaro S.Q.ni (ayol) qutqarib qoladi. Shundan so‘ng, avval uning yonidagi fuqaro F.K. (erkak) keyinchalik S.Q. takroran o‘zini suvga tashlagan.

Qutqaruvchilarning harakatlari bilan ikkala fuqarolarning hayoti saqlab qolindi. Qutqaruvchi A.Azimxo‘jayev xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi.