Qish yakunlangandan buyon toshkentliklar ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlari derazalari ostidagi gulzorlar atrofidagi to‘siqlar buzilganligi va o‘simliklardan iborat yashil to‘siqlar kesib tashlangani haqida xabar berishmoqda. Ko‘pchilik ish oldindan muhokama qilinmasdan va hatto aholini xabardor qilmasdan turib, olib borilayotganidan shikoyat qilmoqda, ishchilar ham ko‘p hollarda aholi savollarini javobsiz qoldirishmoqda. Bu kabi mahalla hovlilarini xo‘jako‘rsinga «tozalash» avval ham o‘tkazilgandi. Biroq, bu safar obodonlashtirish ko‘lami butun shaharni qamrab oldi.


Yashnobod tumanidagi hovlilardan biri obodonlashtirishdan oldin va keyin. Foto: «Potrebitel.uz» Facebook guruhi.

Aprel oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi Parvoz mahallasiga tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida davlat rahbari ushbu mahallani poytaxtdagi boshqa 524 ta mahallalarni obod qilish uchun namuna sifatida qabul qilishni va ularning hozirgi holatidan kelib chiqib, har biriga o‘rtacha 2 mlrd so‘m ajratishni buyurdi.

«Gazeta.uz» muxbiri poytaxtning obodonlashtirilgan hovlilarida, shu jumladan «Parvoz» mahallasida bo‘lib, amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida aholi fikri bilan qiziqdi.

«Shukur Burxonov» mahallasi

Obodonlashtirish boshlangan Toshkentdagi birinchi mahallalardan biri — poytaxtning Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi «Shukur Burxonov» mahallasi bo‘ldi. Uylar oldidagi gulzorlarni yo‘q qilish va to‘siqlarni demontaj qilish bu yerda fevral oyida boshlangandi.

Bugun Qorasuv-2 massividagi 41, 42, 43, 44, 45 va 47-sonli ko‘p qavatli uylarning hovlilari ko‘proq yashash joyiga emas, balki avtoturargohlarga o‘xshaydi.


Shukur Burxonov nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sobirjon Xoliqovning «Gazeta.uz»ga aytib berishicha, «Obod mahalla» loyihasi doirasida bolalar maydonchalari va asfalt qoplamalari yangilangan, sport anjomlari va bitta jamoat kutubxonasi bo‘lgan sport maydonchasi o‘rnatilgan, ortiqcha panjaralar demontaj qilingan va o‘rniga bordyurlar o‘rnatilgan.

Qorasuv-2 massividagi ko‘p qavatli uylarning hovlilarini obodonlashtirish shahar hokimligi tashabbusi bilan mahallaga ajratilgan 1 mlrd so‘m evaziga amalga oshirildi, dedi mahalla raisi. Prezident nomidan Toshkent mahallalariga ajratilgan 2 mlrd so‘mga mahallaning xususiy sektorida asfalt yotqizish rejalashtirilgan.

Sobirjon Xoliqovning so‘zlariga ko‘ra, to‘siqlar demontaji to‘g‘risida uy qo‘mitalari raislarining («domkomlar») barchasi xabardor qilingan.

«Aholi to‘siqlar o‘rnatgani bilan ichkari tartibsiz holatda. O‘zlari ham tozalaymaydi, birovga tartibga solishga ham berishmaydi. Biriga indamasangiz — boshqalari norozi bo‘lishadi», — deydi Sobirjon Holiqov va bundan buyon hech qanday to‘siqlarni o‘rnatmaslik kerakligini qo‘shimcha qildi. Faqat ko‘kalamzorlashtirishga ruxsat beriladi.


«Shukur Burxonov» mahallasidagi buzilmagan to‘siqlar. Mahalla raisining so‘zlariga ko‘ra, to‘siqlar chiroyli ko‘ringan joylarda qoldirilgan. Fuqarolar yig‘ini raisi ushbu to‘siqlar qimmatligi sababli egasi tomonidan demontaj qilinishini qo‘shimcha qildi.

«Uylar (Qorasuv-2 massividagi mahallalar) 1974 yilda qurilgan», — deydi mahalla raisi. — Hali biror marta bunday ta’mirlash bo‘lmagan… Bizda yashil to‘siqlar deyarli bo‘lmagan. Biz ularni endi kesib tashladik, ammo umuman olganda ko‘rinishi yomon edi".

«Ishni tugatganimizdan so‘ng, hamma mamnun bo‘ldi. Bosh vazir keldilar, ularga ham yoqdi», — xulosa qildi mahalla raisi.

Aholi sharhlari

O‘zini tanishtirishni istamagan 44-uyda yashovchi keksa onaxonning «Gazeta.uz»ga aytishicha, obodonlashtirish old gulzorlari bo‘lgan mahalla aholisini xafa qilib, g‘azabini keltirgan. Shu bilan birga, ba’zi to‘siqlar parvarish qilinganlik vaji bilan kesilmadi. Uning old gulzorida hozir ayvon bor va atirgullar o‘syapti. Panjaralar demontaj qilingan, biroq ayolning so‘zlariga ko‘ra, unga yangi to‘siq o‘rnatib berish va’da qilingan. Ammo haligacha o‘rnatilmagan.


"Men birinchi qavatda yashamayman, lekin gulzor mening hududim edi. Bu yerda qariyalar o‘tirishardi. Bir vaqtlar bu yerda uzumzorlarimiz bo‘lardi. Yangi hokim keldi — hammasini kesib tashlashdi. Besh yildan keyin boshqa hokim kelib, nima uchun bu joylarni ko‘kalamzorlashtirmayotganimizni so‘radi. Biz ekin ekishimiz mumkinmi deb so‘radik. Mumkin deyishdi. Biz o‘simliklar ekdik, tag‘in endi bu holat. Odamlar pullarini sarflashdi, mehnat qilishdi. Ular esa hamma narsani qadrsizlantirishdi".
41-uyda yashovchi Botir aka "Gazeta.uz»ga obodonlashtirish natijalaridan qisman mamnunligini ta’kidladi.

«Ilgari yo‘llar loy edi, endi esa asfalt. Ortiqcha to‘siqlar olib tashlandi, parvarishlanmagan yashil to‘siqlar kesib tashlandi. Kim pavarishlagan bo‘lsa, ularning to‘siqlari kesilmadi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shnilarning gulzori o‘sib ketganligi bois u piyodalar mashinalar bilan bo‘lishadigan yo‘lda o‘ynayotgan nevaralarini kuzata olmagan. Biroq, asfalt yangilanganidan so‘ng, bu yerga kiradigan mashinalar xavfli tezlikni oshiradi, harakatni sokinlashtirish choralari esa ko‘rilmagan. Uyga tutash gulzorlar perimetri bo‘ylab chekka to‘siqlar o‘rnatilgandan so‘ng, u va qo‘shnilari uchun mashinalar to‘xtash maydonchasi yo‘q. U ilgari ikkita mashinani deraza tagida qo‘ygan.

To‘g‘ri va tekis yo‘l. Haydovchilar tezlikni oshirishlariga hech narsa halaqit bermaydi. Harakatlanishni sokinlashtirish choralari ko‘rilmagan.

Botir akaning qo‘shnisi Marina obodonlashtirishdan so‘ng qo‘shnilar mashinalar to‘xtash joyi uchun o‘zaro janjallashishni boshlaganlarini aytdi. Agar mashina chiqish yo‘lini to‘sib qo‘ysa, odamlar bir-birlariga qo‘ng‘iroq qilib, mashina o‘rnini o‘zgartirishni so‘rashadi.

«Kechqurun va erta tongda bu yerdan o‘tishning imkoni yo‘q. Hammayoq mashinalar bilan to‘ladi», — deydi ayol. U endi oilasi kechqurun hech qayerga chiqolmayotgani va «butun oqshom havosiz va panjara ortida» o‘tirayotganidan shikoyat qildi, aks holda bo‘sh to‘xtash joyini topishning iloji bo‘lmaydi.

«Shukur Burxonov» mahalla raisi Sobirjon Xoliqov «Gazeta.uz» muxbirining mashinalar to‘xtash joylari to‘g‘risida bergan savoliga garajlar buzilgandan so‘ng hovlilarga ko‘proq mashinalar sig‘a boshlaganini aytdi. Ammo hammaga ham joy yetishmaydi. Shu sababli, Qorasuv-3 massivida pullik ko‘p qavatli avtoturargoh barpo etilmoqda.

Marina, shuningdek, hovlilarga archa daraxtlari ekilganini, ammo sug‘orish ko‘zda tutilmaganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamma ham o‘zining kvartirasidan daraxtlarni sug‘orishga tayyor emas — suvdan foydalanganligi uchun ham pul to‘lash kerak. Botir aka O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilinguniga qadar daraxtlar oqar ariqlardan sug‘orilganini, ularning tarmog‘i butun shaharni, shu jumladan turar-joy hovlilarini qamrab olganini qo‘shimcha qildi. Daraxtlarni texnik suv bilan sug‘orish tizimini yaratish haqiqatan ham obodonlashtirish bo‘lardi, deydi u.

«Derazalar ostida mashinalarni ko‘rish yoqimsiz, albatta», — deydi 42-uyda yashovchi Vladimir. — Lekin, nima ham qila olardik? Bizda boshqa joy yo‘q. Ilgari garajlar bo‘lardi, keyinchalik ular buzib tashlandi. Hatto maydoncha ham qilib berilmadi".

Obodonlashtirish qoiadalaridan istisnolar.

Vladimir unga rang-barang to‘siqlarsiz hovli ko‘proq yoqishini qo‘shimcha qildi. Agar to‘siqlar bir xil bo‘lganida, hovli yanada orasta ko‘rinardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari qo‘shnilar derazalar ostidagi maydonga beton to‘kishardi, stollarni chiqarishib, kaboblar pishirishardi yoki maydonni mashinalar to‘xtash joyi uchun ishlatishgan.

Vladimir bolalar maydonchalari sifatidan ham shikoyat qildi. Uning fikricha, bolalar maydonchalarining eski elementlari yangilaridan farq qilmagan. Barcha arg‘imchoq va tog‘chalar temirdan edi — temirlichiga qoldi. Bolalar temirlarga uriladi.

Bolalar maydonchasiga yo‘ldagi ochiq ariq.

U ilgari maydonchalar yuzasi presslangan tuproq bilan qoplanganligini qo‘shimcha qildi. Hozir maydonchalar poyabzalga yopishadigan qum bilan qoplangan. Bolalar butun hovli bo‘ylab qumni olib yurishadi. Bundan tashqari, alohida qum uyumi yo‘qligi sababli bolalar o‘yin maydonchasining butun hududini qazishadi. Бarcha bordyurlar, shu jumladan bolalar maydonchalari atrofdagilari ham baland — qariyalar ulardan o‘tishlari qiyin, dedi Vladimir.

«Meni ko‘proq tashvishlantirayotgan narsa — [uylar ortida] ikkita maktab bor, lekin bolalar uchun mutlaqo sharoit yo‘q. Yo‘lning qatnov qismi maktabning yonida joylashgan», — dedi «Gazeta.uz»ga massiv aholisidan biri.

Boshqa tafsilotlar

Mashinalar haqiqatan ham qayerdadir turishi kerak, ammo hovli to‘xtash joyiga o‘xshashi kerakmi? Hududlarni aql bilan ajratib, mashinalarning hovlilarga kirishini cheklashga nima xalaqit beradi?


Bolalar maydonchasiga har tomondan kirish uchun yo‘l bo‘lishi kerak. Bolalar sarf qilingan pulga qaramay, panjarani oshib o‘tishadi. Bu muhit nafaqat xavfsiz arg‘imchoqli o‘yin maydonchasida, balki hamma joyda bolalar uchun xavfsiz bo‘lishi kerakligini anglatadi. Bundan tashqari, rasmiylar o‘z so‘zlariga o‘zlari qarshi chiqishmoqda: uyga tutash gulzorlar atrofidagi rang-barang to‘siqlarni demontaj qilib, bolalar maydonchalari atrofida turli rangli va foydasiz to‘siqlarni o‘rnatmoqdalar.


Quyidagi fotosurat orqa fonida kutubxona bor. Kutubxonaning qanchalik talabgir ekanligini kirish eshigida tutqich yo‘qligidan ham bilsa bo‘ladi. O‘zbek va rus tilidagi kitoblar javonlarda tomoshabinga muqovasi bilan joylashtirilgan, chunki kitoblar juda kam. Kitoblar jamlanmasi — mumtoz adabiyot va davlatning buyukligi haqidagi nashrlar.


Rossiyalik me’mor, Respublika bolalar kutubxonasini rekonstruksiya qilish loyihasi muallifi va Sankt-Peterburgdagi LudiArchitects me’morchilik byurosining egasi Lyubov Leonteva «Gazeta.uz»ga kutubxonalarning zamonaviy vazifalari haqida gapirib bergandi. Shuningdek, biz Botir Qobilovning jamoat kutubxonalari qanday bo‘lishi kerakligi, ya’ni kutubxonaning ish, ta’lim va ijod uchun jamoat joylari bo‘lishi lozimligi haqidagi maqolasini e’lon qilgandik.

«Parvoz» mahallasi

«Parvoz» mahallasidagi 59-uyda yashovchi, o‘z ismini aytishni istamagan fuqaro, prezident tashrif buyurgan hovlining obodonlashtirilishi haqida gapirdi. «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbat chog‘ida u o‘zining uyi oldidagi gulzorda qolgan o‘simliklarni uyidan shlang tortib sug‘orib turardi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, mahalla prezident tashrifiga ikki kun davomida, shu jumladan tunda ham tayyorgarlik ko‘rgan. Davlat rahbarining kelishini kutib, aholi shovqin va chang bosimi ostida qolgan.


Obodonlashtirish jarayonida avtoturargoh hovli markaziga joylashtirildi. Yotoq xonalari hovlining ushbu qismiga qaraydigan fuqarolar kunning istalgan vaqtida mashinalarning shovqini, musiqa va zararli gazlardan aziyat chekishadi. Birinchi qavatdagi derazalar ostidagi yashil to‘siqlar shovqin va zararli gazlarni qisman yutib yuborardi. Ammo uni kesib tashlashdi.

«Derazam ostida taxminan bir metr balandlikdagi yashil to‘siq bor edi. Hovlidagi panjara ko‘rinmasdi, chunki to‘siq uni yopib turardi. Men uni doim parvarish qilardim. Menda uzum, archa daraxti bor edi. Ertalab chiqib, yashil to‘siqni kesishmaydimi deb so‘radim. Yo‘q deyishdi. Chunki menda hammasi parvarishlangan edi. Dorixonaga chiqdim, qaytib kelganimda hech narsa qolmagandi. Hammasi tozalab kesib tashlashgandi. Faqat jasmin, siren, bir juft tup va ikkita yovvoyi daraxt qolgandi, ba’zilarda esa umuman hech narsa qoldirishmadi.

«Parvoz» mahallasida yashovchi ayol gulzorining saqlanib qolgan qismi.

Ayolning aytishicha, endi yalang‘och uy oldi gulzorlarida axlat to‘planyapti, itlarni ham shu yerda sayr qildirishyapti, hech kim axlatini tozalamaydi. Bir paytlar yam-yashil gulzorlar endilikda axlatxona va hojatxonaga aylandi.


«Ishchilar tuproq olib kelishdi, lekin uning aksar tarkibi — toshlar. Qo‘shnilarim hech qachon mening gulzorimga qarshi bo‘lishmagan. Qarshimizda turadigan qo‘shnilarning ham gulzori bor edi. Qo‘shnim hatto «portal»ga ham yozgandi, ammo befoyda. Mahalla qo‘mitasi binosi oldida yana archalar o‘tqazildi. O‘simliklar berishni va’da qilishdi, lekin prezident ketgach, hech narsa berishmadi. Men TSJ rahbaridan archa daraxtini berishini so‘radim. U menga o‘zim sotib olishimni aytdi. Menda esa pul yo‘q. Qo‘shnilar bilan bo‘lib olishni taklif qilishdi».

Prezident portaliga murojaat qilgan ayolning gulzori.

«Parvoz» mahallasida yashaydigan yana bir fuqaro esa, aksincha, obodonlashtirish natijalaridan mamnunligini ta’kidladi. Uning fikricha, har xil rangdagi to‘siqlarsiz hovli yaxshiroq ko‘rinishga ega bo‘lgan. Ammo, ko‘p sonli mashinalar sababli odamlar faqat panjara ortida o‘zlarini xavfsiz his qilishadi, deb qo‘shimcha qildi u.


«Shahrisabz» mahallasi

Shahar markazidagi mahalla raisi Jumabeke Koshetova «Gazeta.uz»ga obodonlashtirishning birinchi bosqichida hokimiyat vakillari «bu uylarga tutash hudud» deya uylar atrofidagi to‘siqlarni kesib tashlashganini gapirib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yashil to‘siqlar yo‘q qilinmagan, ular joyida, faqat ularni tekislab kesish kerak, dedi mahalla raisi. Biroq, «Gazeta.uz» muxbiri ildizi bilan sug‘urib olingan yashil to‘siqlarni ko‘rdi. Biz bilan suhbatda fuqarolar ko‘ngli sovuganini, rasmiylar o‘zlarining befarqligi bilan ularda derazalari ostida biror obodonchilik harakatini qilish istagini so‘ndirishganini aytishdi.

Yashil to‘siqlaridan mahrum bo‘lgan «Shahrisabz» mahallasidagi gulzorlardan biri.

Biz suhbatlashgan odamlarning aksariyati, gulzorlar ularni parvarishlashga tayyor fuqarolarning qandaydir «xususiy hovli"si bo‘lishiga qarshi emasliklarini aytishdi. Axir, hamma ham «dacha»da dam olish imkoniyatiga ega emas, kichkina yashil maydoncha esa tabiatda bo‘lish hissi, ish kunidan keyin dam olish, qo‘shnilar bilan muloqot qilish imkoniyatini beradi. Qilishimiz kerak bo‘lgan birgina ish bu balki uy oldi gulzorlarini tartibga solish va ular bir-biridan uncha farq qilmasligi borasida tavsiyalarni qabul qilishdir.

«Shahrisabz» mahallasidagi kesilgan yashil to‘siq.

Jumabeke Koshetovaning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda asfaltni yangilash va bolalar maydonchalari bo‘lmagan hovlilarga ularni o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, ilgari «Detskiy Mir» do‘koni joylashgan uyning fasadini yangilash rejaga kiritilgan.

To‘siqlar olib tashlanganidan so‘ng, aholi deraza tagida mashinalarni qoldirmoqchi bo‘lganlarga qarshi «kurash» olib borishmoqda.

«Odamlar o‘zlari o‘rindiqlarni istashmaydi, chunki yoshlar tunda o‘rindiqlarda o‘tirib, shovqin qilishadi», — qo‘shimcha qildi mahalla rahbari. Ammo ko‘p odamlar bu fikrga qo‘shilmaydi: «O‘rindiqsiz hovli — hovli emas».

Rasmiylarning sharhlari

Mirzo-Ulug‘bek tumani hokimiyati matbuot kotibi Ma’mur Parmonov «Gazeta.uz»ga prezidentning topshirig‘iga binoan ushbu hududdagi barcha 54 mahallada asfaltni bosqichma-bosqich yangilash rejalashtirilganligini aytib o‘tdi. Mahalladan kelib chiqib, har birida kamida ikkita bolalar maydonchasi va sport maydonchalari, ikkita ayvon va bitta kutubxona qurish lozim. Loyiha doirasida, shuningdek, ustunlar va daraxtlardagi noqonuniy tashqi reklamalar demontaj qilinadi. Qorasuv massivlarida piyodalar yo‘laklari bilan birlashtirilgan 7 km uzunlikdagi velosiped yo‘llari qurilmoqda.

Ma’mur Parmonovning so‘zlariga ko‘ra, to‘siqlarni demontaj qilish, ishlar ro‘yxatida (tahririyat ro‘yxat bilan tanisha olmadi) ko‘rsatilgan, chunki to‘siqlar bir biridan farq qiladi.

«Shuning uchun hammaga bir xil bordyurlar o‘rnatildi. Panjaralar o‘rnatish mumkin emas, chunki ular bir xil bo‘lmaydi», — dedi Ma’mur Parmonov.

Toshkent shahar hokimining kommunal masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shoxrux Raximjonovning so‘zlariga ko‘ra, turar-joy binolaridan birining tagida tuproq namlanib qolmasligi uchun mo‘ljallangan bino atrofidagi suv o‘tkazmaydigan qoplamani o‘rnatayotganda ishchilar to‘siqlar tufayli binoga yaqinlasha olishmagan.

To‘siqlarni o‘rnatish qonun bilan nazarda tutilmagan, shuning uchun ular hech qanday tarzda rasmiylashtirilishi mumkin emas. U to‘siqning balandligi 50 sm dan oshmasligi kerakligini qo‘shimcha qildi, shuning uchun mahallalarda ularni kesishyapti, biroq sug‘urib tashlashmayapti.

Shoxrux Raximjonov hovlilar obodonlashtirilishini bir tipli deb atadi. Uning ta’kidlashicha, odamlar uyga tutash hududdan noto‘g‘ri foydalanadilar, shuning uchun bir tipli loyiha ishlab chiqilgan: uyga tutash gulzorlarni chegaralovchi bordyurlar va gulzorlarni ko‘kalamzorlashtirish.

«Gazeta.uz» tomonidan turar joy hovlilaridagi harakatni tinchlantirish choralari to‘g‘risida berilgan savolga Shoxrux Raximjonov hovlilarni qanday qilib xavfsizroq qilish haqida o‘ylab ko‘rishini aytdi.

Tizimli muammolar

«Gazeta.uz» taniqli rossiyalik urbanist Arkadiy Gershmandan obodonlashtirilgan hovlilar fotosuratlari va umuman hozirgi holatga izoh berishni so‘radi.

«[Bir xil ko‘rinishda obodonlashtirish] — bu katta nodonlik, chunki hovlilar har xil bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, bu rasmiylarning ishi emas, — dedi Arkadiy Gershman. — Hovlilar fuqarolarning balansida bo‘lishi kerak, ularni tartibga solish, obodonlashtirish va texnik xizmat ko‘rsatish uchun aholining o‘zi javobgar bo‘lishi kerak. Chunki uylar bir vaqtda qurilib, bir xil seriyali bo‘lishi mumkin, ammo u yerda har xil odamlar yashaydi. Har kimning har xil ehtiyojlari bor. Agar bitta uyda barcha avtomobilchi bo‘lsa, ular asfalt uchun pul tashlashsin, avtoturargoh qurib, unda yashashsin. Agar qo‘shni uyda bolalar yoki qariyalar ko‘p bo‘lsa, unda birinchi holatda bolalar uchun o‘yin maydonchalari, boshqa holatda nafaqaxo‘rlar uchun trenajerlar o‘rnatamiz. Va bu aholining o‘zining qarori bo‘lishi kerak. Ular muallif bo‘lishlari kerak».

«Shahar, hech bo‘lmaganda, bunday loyihalarni subsidiyalashi mumkin. Shartli ravishda, 50% mablag‘ aholining o‘zlari tomonidan yig‘ilishi kerak va 50% shahar tomonidan qoplanadi. Bunday sxemalar ko‘p joylarda — Yevropada ham, Rossiyada ham ishlaydi. Va bu aynan to‘g‘ri yondashuv, chunki оdamларda mas’uliyat paydo bo‘ladi, ular o‘zlarini mulkdor hisoblaydilar va joyga nisbatan mas’uliyatli munosabatda bo‘lishni boshlaydilar», — ta’kidladi u.

«Hamma ham buni darhol anglay olmasligi aniq, ammo bu tizim jihatidan to‘g‘ri qaror. Kimdir kelib, biror narsa qilganda, aksincha, bu tuyg‘u yo‘qoladi. Bugun bir rahbar kelib, bunday qilish kerak desa, ertaga boshqasi kelib, aksincha yo‘l tutish lozim deb turgan bir paytda nima uchun men hovli uchun qayg‘urishim kerak», — deya ta’kidladi ekspert.

«Shahardagi qo‘shni polizlar — global tendensiyadir. Bu ekologik jihatdan yaxshi, chunki qancha ko‘p yashillik bo‘lsa, shuncha yaxshi. Biologik xilma-xillik ham yaxshi. Bu odamlarning qiziqishi va umuman shahar bilan ishlash nuqtai nazaridan ish beradi. [Odamlar] nafaqat foydalanuvchilar, balki shaharsozlikning hammualliflari. Shu jumladan, ba’zida bu yolg‘izlik muammosini hal qilishga imkon beradi, masalan, nafaqaxo‘rlar orasida. Va nihoyat, buning barchasi go‘zal va bu go‘zallikka boqish yoqimli. Bu derazalar ostidagi avtoturargohdan yaxshiroq. Va bu fuqarolarning o‘zining mas’uliyat hududi», — dedi u.

Uylarga tutash hududdan foydalanish huquqi

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qonunga binoan hokimiyatlar uylarga tutash hududni aholiga doimiy foydalanish uchun topshirishlari mumkin. Bu holatda, aholi ushbu hududning sanitariya holati va uning yaxshilanishi uchun mas’uldir.

Facebookdagi «TCHSJ i kak s nim jit? (Uzbekistan)» guruhi ma’muri Maksim Chernikovning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, kadastr rasmiylashtirilishi bilan TCHSJga, demak aholiga doimiy foydalanishga topshirilgan hududlar ularga qarashli. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyatlar yerga kadastr berishmaydi. Natijada, yer hokimiyatlarga tegishli. Aholining uyga tutash hududni chegaralab olishga huquqi yo‘q.

Maksim Chernikov Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyatiga ko‘p kvartirali uylarning hovlilari uchun to‘siqlarning yagona dizaynini ishlab chiqish taklifi bilan murojaat qilganini qo‘shimcha qildi. Ma’muriyat ushbu taklifni ko‘rib chiqishga va’da berdi, ammo masala turgan yeridan jilgani yo‘q.

Obodonlashtirilmagan hovlilar uchun aholini ayblash va buzilgan yo‘lga asfalt yotqizish zarur bo‘lsa, o‘zlaridan mas’uliyatni soqit qilish rasmiylarga xos. Biroq, byudjetni o‘zlashtirish kerak bo‘lganda, rasmiylar odamlarga nima kerakligini so‘ramaydi.

Shahar istalgan vaqtda, fuqarolar bilan hisoblashmasdan ko‘p kvartirali uy yoki ma’muriy bino qurish uchun ikkita uy o‘rtasidagi maydonni ajratishi mumkin. Ammo shunga qaramay, odamlar o‘z kuchlari va pullarini uyga tutash hududni obodonlashtirishga sarflashda davom ettirishyapti. Chunki odamlar yoqimli muhitda yashashni xohlashadi.

Agar ular mashinadan foydalanmasdan yurish imkoniyatini ko‘rmasalar, bu ularning ayblari emas. Axir, hamma ham mashinalar bo‘lmagan yashil hududlarga yaqin joyda yashamaydi. Hovlilarimiz avtoturargoh bo‘lib qolmasligi uchun biz odamlarga jamoat transporti vositasi ko‘rinishida alternativa berishimiz kerak. Toshkent bir necha o‘n yillar davomida jamoat transportini tartibga sola olmaganiga qaramay, hokimiyat aholiga o‘z hovlisini obodonlashtirishda yordam berishi va yo‘l qo‘yilgan xatolarning oldini olishi mumkin edi. Buni qanday amalga oshirishni tushuntirib beramiz.

Rasmiylar hovlilarni obodonlashtirishda qanday yordam berishi mumkin

Rasmiylar xavfsiz va qulay hayot uchun mos bo‘lgan hovlilar qurilishini qo‘llab-quvvatlashi kerak. Aynan siyosiy iroda qonunchilikda qurilish standartlarini belgilashga imkon beradi. Muammoni rasmiylar ko‘ra olishi uchun shahar aholisi buni talab qilishi kerak.

Yangi standartlarni sinov uchastkalarida sinovdan o‘tkazish lozim. Buning uchun tanlangan mahallalardagi tadqiqotlarni o‘tkazish kerak.

Shahar ma’muriyati aholining qo‘llab-quvvatlashiga erishishi va ularni loyihaning hammualliflari qilishi kerak. Odamlar taklif qilingan variantlardan mustaqil ravishda o‘zlariga yoqqan o‘rindiqlarni, bolalar uchun arg‘imchoqlarni va sport anjomlarini, gulzorlarni, chiroq ustunlarini, o‘simliklarni tanlashi mumkin. Shu tarzda aholi o‘zlarini jamiyat hayotida tegishli o‘ringa ega ekanligini his qiladi.

Albatta, buning uchun o‘rindiqlar, chiqindi savatlari va shahar muhitining boshqa elementlari katalogi talab qilinadi. Ularning mavjudligini aniqlay olmadik. Shu bois ham, «Gazeta.uz» Toshkentning bosh me’moridan tahririyat muxbiriga intervyu berishni so‘ramoqda.

Rasmiylar qanday xatolarga yo‘l qo‘yishdi

Bir xillik

Rasmiylarning asosiy xatosi — hammani bir xil qolipga solish. Shahar istirohat bog‘lari, ko‘chalar, hovlilar, maydonlardan iborat. Bu obyektlar — plastik butilkalar emas. Demak, ularni bir xil namunada qilmaslik kerak. Barcha obyektlar turli xil geografiya va relefga ega. Ularning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Va eng muhimi — hamma yerda odamlar yashaydilar. Va bu odamlar ham har xil.

Bundan tashqari, rasmiylar o‘zlariga o‘zlari qarshi ish qilishyapti. Ular hovlilarni bir xil qilishga qaror qilishdi, ammo turar-joy binolarining fasadlari panjara, tartibsiz joylashgan konditsionerlar va kiyimlar osilgan dorlar bilan turlicha ko‘rinishini o‘ylamadilar. Shahar me’moriy standartlarga va ularga rioya qilinishini nazorat qilishga muhtoj.


Bir xillik turmush tarzining har qanday xilma-xilligini o‘ldiradi va individuallikning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, deb yozgan amerikalik me’mor Kristofer Aleksander. Bir xillik odamda yaxlitlik tuyg‘usini o‘ldiradi. Odam qo‘shni hovliga borib, u yerda odatiy yashash muhitida bo‘lmagan narsalarni ko‘rishi mumkin bo‘lsa, u dunyoning xilma-xilligini ko‘radi.

Inson o‘zini topishi uchun atrof-muhit xilma-xil bo‘lishi kerak. Faqatgina rasmiylar xato qilgani uchun bolalar bir-biridan farq qilmaydigan hovlilarda yashashga majbur bo‘lishsa, ular o‘sib ulg‘ayishganida hayot haqida qanday tasavvurga ega bo‘ladi?

Turli submadaniyat vakillari atrof-muhitning turlicha bo‘lishini talab qiladilar. Turli xil qiziqishlarga, qadriyatlarga ega bo‘lgan turli yoshdagi guruhlarga mansub odamlarga, turli millat vakillariga har xil turdagi uylar va shunga mos ravishda ushbu uylar atrofidagi turlicha tashqi muhit kerak.

Va ular uylari yaqinida turli xil ijtimoiy-maishiy xizmatlarga muhtoj. Masalan, Sergeli tumanida ko‘plab nogironlar yashaydigan mahalla mavjud. Ular aholining boshqa zaif qatlamlari singari ushbu hududda ijtimoiy uylarga ega bo‘lishdi. Shubhasiz, hovlilar, uylar va atrof-muhit aholining ehtiyojlariga javob berishi kerak.

Ko‘chalar

Rasmiylar asfaltlangan maydonlarning ko‘payishini obodonlashtirish belgisi deb biladi. Ammo asfalt bo‘lgan joyda mashinalar ham bor. Agar mashinalar ko‘payayotgan bo‘lsa, odamlar bu hududni o‘zlariniki deb hisoblamaydilar. Hatto mashinalari bo‘lganlar ham. Agar bu binolar harakatlanish intensivbo‘lgan ko‘chalarda joylashgan bo‘lsa, ular o‘z uylarini ham begonadek his qila boshlaydilar.

Aholi yashash joyining qatnov qismi faqatgina transport vositalari uchun loyihalashtirilgan bo‘lishi kerak emas. Bu birinchi navbatda shaharning piyodalar qismidir. Yaqinda obodonlashtirish vaqtida Toshkent shahridagi mahallalardan birida olingan quyidagi rasmga nazar tashlaymiz. Pod’ezddan chiqishning o‘zidayoq odam katta yo‘lga tushib qolgandek tuyuladi. Bungako‘chaning kengligi, belgilar, bordyurlar va boshqa atributlar ishora qiladi.


Bolalar maydonchalari

Hovli — bu bola dunyoni kashf etadigan joy bo‘lishi lozim. Axir, aks holda u ulg‘aymaydi. Bolalar hovlining istalgan qismida, shu jumladan yo‘lning qatnov qismida o‘ynaydilar (yuguradilar, velosipedlar, skeytbordlar va roliklarda uchishadi). Ammo hovlilar shunchalik xavfliki, bolalarga atrofni o‘rganishga imkon bermaydi.


Temir arg‘imchoq, tog‘chalar, kamalak, turniklar va qumdan iborat bir tipdagio‘yin maydonchalari bolalar tasavvurlarini rivojlantira olmaydi. Bolalar o‘yini — bu avvalo tasavvur, masalalarga yechim topish yo‘llarini izlash, izlanishdir.

Yekaterinburgdagi ko‘p kvartirali uylarning birinchi etajidagi terrasalar uchun bolalar maydonchasi va tipli to‘siqlar. Foto: Arkadiy Gershman.

Bolaligingizni eslang. Siz ham daraxtlarda kulbalar va uychalar qurgansiz, daraxtlarga tirmashib chiqqansiz, o‘tlar orasida bekinmachoq o‘ynagansiz, qum va tayoqlardan qal’alar qurgansiz, ular istirohat bog‘laridagi qal’alardan ko‘ra qalbingizga yaqinroq edi, chunki ularni o‘zimiz yaratgandik.

Albatta, aksariyat hollarda ko‘cha o‘yinlaridan chalg‘itadigan kompyuterlar va smartfonlar yo‘q edi. Ammo bu kabi sarguzashtlarda ishtirok etish imkoni bo‘lmay turib, bizning bolalarimiz bu sarguzashtlarga qiziqish bildirmaydi deb xulosa yasashimiz to‘g‘rimikan?

Sport maydonchalari

Sport maydonchalari haqiqatan ham har bir mahallada bo‘lishi lozim (ehtimol bir nechta hovli uchun bitta maydon). Ammo bir turdagi vorkaut-hududlariga nazar solganda, odamlarni boshqa jismoniy faoliyat qiziqtirmaydi degan tasavvur uyg‘onadi. Bu haqiqatdan yiroq, axir odamlar har xil bo‘ladi — hech bo‘lmaganda yosh jihatdan.

«Parvoz» mahallasida bolalar uchun asfaltlangan futbol maydoni bor. Hechdan ko‘ra bor, ammo mavjud sharoitlar yaxshilanmasa, qo‘shimcha sharoitlar yaratilmasa obodonlashtirishdan nima naf? Birgina asfaltdami?


«Parvoz» mahallasida turar-joy binosida shaxmat va tennis korti mavjud. Ammo ushbu sport maydonchasining uyla tutash hududi to‘silgan, to‘siq ortida esa mashina turibdi.


Sport maydonchalarini o‘rnatishda rasmiylar odamlardan nimani yoqtirishlarini so‘rashi mumkin edi. Shunday qilinsa, bir hovlida mashq jihozlari, boshqasida — tennis korti, shaxmat stollari, basketbol maydonlari va hatto raqs maydonchasi ham bo‘lishi mumkin edi.

Gulzorlar

Istirohat bog‘lari, ko‘cha daraxtlari va kesilgan maysazorlar insonning yer bilan aloqasini o‘rnatishda deyarli hech qanday yordam bermaydi. Ular bizga na yerning hosildorligi, na uning imkoniyatlari haqida hikoya qila oladi. Yer va o‘sish jarayonlari bilan munosobat — inson hayotining muhim qismidir.

Obodonlashtirish yer qazishni yoqtiradiganlarni bu imkoniyatdan mahrum qildi. Bundan tashqari, bolalar ham bu quvonchni baham ko‘rishlari mumkin. Bu bobo va buvilar hamda boshqa bolalar bilan munosabatlarni mustahkamlashning bir usuli. O‘simliklarga g‘amxo‘rlik qilish bolalarda mas’uliyat hissini rivojlantiradi, chunki bolalar ularsiz bu o‘simliklar yashamasligini tushuna boshlaydilar.

Ilgari ko‘p kvartirali uylarning hovlisida uzumzorlar bo‘lardi. Ular pod’ezdlarga kirish oldida quyoshdan himoya qilish funksiyasini bajarishardi. Shu bois, «Parvoz» mahallasida yashovchi fuqaroning uzumzorini kesish katta xato edi.

Mayli, uyga tutash hudud turar-joy klasterining xususiy hududi emas, balki umumiy hududi bo‘lsin. Ammo bunday hududlar odamlarni birlashtirishi kerak. «Parvoz» mahallasidagi ayolning yashil to‘sig‘i kesilganidan keyin hovli aholisi o‘rtasidagi munosabatlar qanday tus oldi? Gulzor sayr qildirilayotgan itlar uchun hojatxonaga aylanganda, bu munosobat mustahkamlanib, do‘stona bo‘lib qoldimi?

Ta’sirchanlik

Atrof-muhitni obodonlashtirish — murakkab va o‘ylab amalga oshiriladigan jarayondir. Bunga urbanistlar, me’morlar, muhandislar, dizaynerlar, sotsiologlar jalb qilinishi kerak. Buning uchun aholi orasida ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish va standartlarni ishlab chiqish zarur.

Toshkentdagi ko‘p kvartirali uylarning hovlisini obodonlashtirish samarasiz pul sarflashdir. Rasmiylarning xatosi shundaki, ular o‘rnatilgan ijtimoiy aloqalarni buzadi, avtomobilizatsiyani rag‘batlantiradi va jamoat transportini rivojlantirmaydi. Ha, qonunda uyga tutash hududni mustaqil yer uchastkalariga ajratish mumkin emasligi aytilgan. Demak, fuqarolar ko‘p yillar davomida yerni ajratib, qonunni buzishgan, rasmiylar esa bu vaqt davomida bunga ko‘z yumishgan, ammo obodonlashtirish uchun byudjetni olgach, qonun yodlariga tushib qoldimi?

Aholi «Shafqatsiz» deb nomlagan obodonlashtirishni to‘xtatishga hali ham kech emas. Ajratilgan pulni samaraliroq sarflash, aholining hayotini yaxshilash va ularning minnatdorchiligini qozonish mumkin.

Maqolaning to‘liq versiyasini rus tilida quyidagi havola orqali o‘qishingiz mumkin.