Aprel oyining o‘zida O‘zbekistonga 65 ta elektromobil import qilingan. Bu Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlarida aks etgan.

Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatga 156 ta elektromobil yetkazilgan. Bu 2020 yilda (131 ta) jami import qilingan avtomobillar sonidan ko‘p va 2019 yilga (39 ta) nisbatan to‘rt baravarga ortiq.

Elektromobillarning ko‘p qismi Xitoydan — 119 ta olib kelingan. Keyingi o‘rinlardan Turkiya (24 ta), Janubiy Koreya va AQSH (4 tadan), Germaniya (3 ta), Litva va Ispaniya (1 tadan) joy olgan.

Hududlar kesimida esa yanvar-aprel oylarida 150 ta elektromobil Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Samarqand va Andijon viloyatlariga — 2 tadan, Toshkent va Sirdaryo viloyatlariga esa — 1 tadan keltirilgan.

Yil boshidan beri elektromobillar importi 3,4 mln dollarni tashkil etmoqda.

Elektromobillar importiga aksiz solig‘i va bojxona to‘lovlari qo‘llanilmaydi. Hozirda deputatlar sotib olinadigan va vaqtincha olib kelinadigan elektromobillarni avtotransport uchun yig‘imlardan ozod qilish bo‘yicha Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritish masalasini muhokama qilmoqda.

Hukumatning dekabrdagi qarori bilan elektromobillar uchun zaryadlovchi stansiyalarni o‘rnatish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish rejalashtirilgan.