2021 yilning yanvar-aprel oylari yakuni bilan O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 10,3 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 378,8 mln dollarga yoki 3,5%ga kamaydi. Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida bu haqda so‘z boradi.


Eksport 3,5 mlrd dollarni tashkil qildi — 2020 yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 19,1 foizlik pasayish qayd etildi. Import 7 foizga o‘sib, 6,8 milliard dollarni tashkil etdi. Natijada tashqi savdo aylanmasining salbiy saldosi 3,3 milliard dollarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, oltin hisobga olinmagan eksport 26,7 foizga o‘sdi.

Tashqi savdo aylanmasining eng katta hajmi Xitoy (20,5%), Rossiya (17,8%), Qozog‘iston (11,8%), Turkiya (9,3%), Koreya Respublikasi (4,8%), Qirg‘iziston (2, 4%) va Afg‘oniston (2,3%) bilan qayd etildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik sherik davlatlar orasida olti mamlakat bilan, xususan Afg‘oniston (ijobiy saldo — 233,4 mln dollar), Qirg‘iziston (141,4 million dollar), Tojikiston (100,9 mln dollar), Turkiya (100,9 mln dollar), Kanada (58,9 mln dollar) va Eron (16,7 mln dollar) bilan faol tashqi savdo balansi mavjud.

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining uchdan bir qismi yoki 39,3%i MDH davlatlariga to‘g‘ri kelib, tashqi savdo aylanmasidagi 2020 yilning mos davriga nisbatan ulushi 4,9%ga ko‘paygan.

Eksport


Eksport tarkibida 81,3% tovarlar bo‘lib, ular asosan sanoat tovarlari (35,9%), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (9%), kimyoviy moddalar va shu kabi mahsulotlardan (8,8%) iborat.

Avvalroq «Gazeta.uz» yozganidek, O‘zbekiston sakkiz oydan buyon oltin eksport qilayotgani yo‘q. Ushbu holat eksport hajmining sezilarli pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ushbu chorakda gaz sotuvi 86,5 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 49,8 foizga kam.

Rangli metallarning sotilishi keskin o‘sdi — 464,2 million dollar (75,2 foizga), to‘qimachilik iplari, mato va tayyor mahsulotlar — 658,4 million dollar (71,9 foizga), kiyim-kechak — 204,7 million dollar (49, 1 foizga), avtomobillar — 125,4 million dollarni (75,2 foizga) tashkil etdi.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti 327,9 ming tonnani tashkil etdi va qiymat jihatidan 186 million dollardan oshdi (0,5%ga).

2021 yil yanvar-aprel oylarida xizmatlar eksporti hajmi 13,2 foizga kamayib, 650,7 million dollarni tashkil etdi. Uning tarkibida transport xizmatlari (72,8%), sayohat / turizm (12,3%), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari (6,9%) katta ulushga ega bo‘ldi.


E’tiborlisi, Turkiya (528,5 mln dollar) Rossiyani (495,3 mln dollar) ortda qoldirdi va O‘zbekistonning eksport sheriklari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Xitoy, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan birgalikda ushbu mamlakatlar umumiy eksport hajmining 73,4 foizini egallaydi.

Import


Import tarkibida asosiy ulushni mashinasozlik va transport uskunalari (32%) — 2,2 mlrd dollar, sanoat tovarlari — 1,3 mlrd dollar (19,1%), shuningdek, kimyo mahsulotlari va shunga o‘xshash mahsulotlar — 954,2 mln dollar (13,9%) tashkil etdi.

Mashina va transport uskunalari importi 5,7 foizga kamaydi. Ushbu tovarlarni mamlakatga yetkazib berishning katta qismi Xitoyga — 822,7 mln dollar (37,6%), Koreya Respublikasi — 322,1 mln dollar (14,7%) va Rossiya — 202,5 mln dollar (9,3%) to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importini keskin oshirdi — 711 million dollarga (48,2%), shu jumladan don va undan olingan mahsulotlar — 251,9 million dollarga (31,2%), shakar — 102, 9 million dollargacha (52,1%) oshdi.

Tibbiy va farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish 421,5 mln dollargacha (39,9%) o‘sdi.


Umuman olganda, 2021 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston 136 mamlakatdan tovar va xizmatlarni import qildi. Importning uchdan bir qismi Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Koreya Respublikasi, Turkiya, Germaniya va Hindiston kabi yirik sherik mamlakatlardan keladi.