17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar kengashi prokuror taklifiga binoan shahar hududidan noqonuniy ravishda yer uchastkalarini ajratib berishga qarshi chiqib kelgan deputat Shuhratbek Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilingani haqida xabar bergan edik.

Deputatning hamkasbi Jahongir Jiyanov Shuhratbek Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga urinish uning faoliyati bilan bog‘liq degan fikrni bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Shuhratbek Karimov muntazam ravishda noqonuniy yer egaligiga, shahar hokimi Baxromjon Haydarovning qarorlariga qarshi chiqqan va Bosh prokuraturadan Andijon prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni so‘ragan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga ma’lum qilishiga ko‘ra, Andijon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limida «A. R. C.» MCHJning (Yagona asoschisi Shuhratbek Karimov) mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) hamda 229-modda (o‘zboshimchalik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish mavjud.

Bundan tashqari, deputatning daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha tashkil etilgan yig‘ilishda, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ayrim deputatlarni tintuv qilayotganligi aniqlangan.

Bosh prokuratura bayonnomasi

Idoraning aniqlik kiritishicha,Andijon shahar prokuraturasi tomonidan 3 mart kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov tegishliligi bo‘yicha Andijon shahar IIO Tergov bo‘limiga yuborilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, «Alliance R.C.» MCHJga Andijon shahar hokimining 2017 yildagi qarori bilan Andijon shahar, Bo‘ston dahasi, U.Yusupov ko‘chasida joylashgan 4.0 gektar yer maydoni ko‘p qavatli aholi turar joy binolari, kottej tipidagi turar joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shohobchalari, issiqxonalar, umumiy ovqatlanish va choyxona binolari qurish hamda mevali bog‘ yaratish uchun ajratilgan.

Biroq, «Alliance R.C.» MCHJ mansabdor shaxslari yer va shaharsozlikka oid qonun va me’yoriy hujjatlarning talablariga amal qilmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlagan.

Bosh prokuraturaning qayd etishiga ko‘ra, qurilish ishlarini loyihalash va ruxsatnomalar olish uchun asos hisoblangan «Arxitektura me’moriy rejalashtirish topshirig‘i» ni soxtalashtirib, hokim qarorida ko‘rsatilgan 4 gektar yer maydoniga qo‘shimcha ravishda yana 6 gektar yer maydonini qo‘shib olib, jami 10 gektar yer maydoniga qalbaki topografik chizma tayyorlashga erishgan. Buning oqibatida mazkur 6 gektar yer maydoni doirasida shahar hokimining qarorlariga asosan yer uchastkalari ajratilgan tadbirkor hamda bir nechta fuqarolarning yerdan foydalanish huquqlari buzilgan.

Aniqlanishicha, o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy qurilish qilingan 0.36 gektar yer maydonlarini elektron auksion savdolarida sotish imkoniyati yo‘qotilgan va davlat byudjetiga 190,8 mln so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, deputat Sh. K.ni ayblash uchun asoslar yetarli deb topilib, prokuror tomonidan 6 may kuni shahar prokurori tomonidan xalq deputatlari Andijon shahar Kengashiga deputatlik maqomidan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.

Taqdimnoma 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqilib, Sh. K.ning deputatlik maqomi bekor qilingan. Ish bo‘yicha tergov harakatlarini har tomonlama, to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Izboskan tumani prokuraturasiga topshirilgan, deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura, qonunchilikda tergov harakatlariga aralashish, ya’ni uni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik uchun tegishli javobgarlik belgilanganligini ta’kidlab o‘tdi.

Adliya vazirligi munosabati

Adliya vazirligi "deputatni tintuv qilish va o‘z vakolatlarini amalga oshirishga monelik qilish noqonuniy" ekanligini ta’kidladi.

«„Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida“ gi Qonunga ko‘ra har bir deputatga o‘z vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanadi, uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati muhofaza qilinishi, deputatning sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq ma’muriy, jinoiy yoki o‘zga tarzda javobgar bo‘lishi, deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish maqsadida deputatga qanaqa tarzda bo‘lmasin ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmasligi, deputat oldidagi o‘z vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga to‘sqinlik qiladigan, bila turib unga yolg‘on axborot beradigan, deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Oliy Majlis Senati Kengashining 2010 yil 30 dekabrdagi Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy Reglamentiga muvofiq sessiya o‘tkaziladigan vaqt, sana va joy hamda kun tartibi Kengash deputatlari e’tiboriga sessiya ochilishidan kamida yetti kun oldin yetkazilishi, deputatlarga tanishib chiqish uchun hujjatlar yuborilishi, sessiyalar ochiq, oshkora o‘tkazilishi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishi, zarur hollarda Kengashi yopiq sessiya o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin.

«Biroq, mazkur Kengash sessiyasida deputatlarning daxlsizligi buzilib telefon va ovozli videoga oluvchi moslamalarni olib kirishi taqiqlangan hamda ayrim deputatlar tintuv qilingan», — qayd etdi Adliya vazirligi.

Adliya vazirligi mazkur holat bo‘yicha halq deputatlari Andijon shahar Kengashiga hamda Milliy gvardiya Andijon viloyat Qo‘riqlash boshqarmasiga taqdimnomalar kiritilganini va unda kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilmasligi hamda aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish so‘ralganini ma’lum qildi.

«Shu o‘rinda, adliya organlarining bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarini bajarmaslik, shu jumladan o‘z vaqtida yoki to‘liq bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tamiz», — deyiladi xabarda.