9 may kuni Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev urush faxriylari bilan samimiy muloqot qilgan edi. O‘shanda urush va mehnat fronti faxriylarini moddiy ta’minlash tizimini yanada yaxshilash bo‘yicha alohida hujjat qabul qilish zarurligini ta’kidlagan edi.

Shundan kelib chiqib, 11 may kuni prezident «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy ta’minotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekdi.

Hujjatga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, shuningdek, voyaga yetmagan davrida fashistlar konslagerlarida asirlikda bo‘lgan va Leningrad shahrida qamal sharoitida mehnat qilgan shaxslarning eng kam pensiya miqdori shu yil 10 maydan boshlab — 2,5 million so‘m etib belgilanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, hozirgi kunga qadar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining eng kam pensiya miqdori 800 ming so‘mni, o‘rtacha hisobda esa 1,7 mln so‘mni tashkil etgan.