Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan paxta yog‘i narxlari keskin oshgani yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi, deya xabar qildi MQKQ matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvardagi 53-son qarorining 2-bandiga muvofiq paxtadan olingan chigit paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchisi tomonidan yog‘-moy korxonalariga birja savdolari yoki mahsulotni qaytarish asosida sotilish belgillangan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, joriy yil aprel oyi davomida birja savdolariga 40ta paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan texnik chigit savdolarga qo‘yilgani hamda qo‘yilayotgan texnik chigitning boshlang‘ich narxlari aprel oyida o‘rtacha 38 foizga ko‘tarilgani aniqlangan.

Bunda, birja savdolarida texnik chigitning boshlang‘ich narxlarini kelishib sun’iy oshirish va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari yuzasidan 34 ta paxta-to‘qimachilik klasterlariga nisbatan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidanish qo‘zg‘atildi, deyiladi xabarda.

Avvalroq MQKQ ayrim mahalliy kompaniyalar paxta chigiti narxini asossiz ravishda oshirib yuborgan yoki bozorda uning taklifini sun’iy ravishda ushlab turgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Birjada bitta xaridor tomonidan chigit sotib olish miqdori cheklandi.

«Ular buyruqni bajarishlari — o‘z xatolarini to‘g‘rilashlari kerak. Qo‘mita ularning kelishuv yo‘li bilan tuzilgan shartnomalarini bekor qilish huquqiga ega. Agarda talab bajarilmasa, ma’muriy javobgarlikka tortilishlari mumkin», — deya aniqlik kiritdi MQKQ matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda bir litr o‘simlik yog‘i narxi hafta davomida 0,5 foizga arzonlashib, 19,1 ming so‘mgachani tashkil etganini ma’lum qildi. Narxlar 9 viloyatda arzonlashgan bo‘lsa, Toshkent va qolgan hududlarda qimmatlashishda davom etmoqda. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov avvalroq QQS stavkasining pasayishi xizmat va tovarlarning arzonlashuviga ta’sir qilmasligini ta’kidlagan edi.