6 may kunidan 7 may kuniga o‘tar kechasi soat 01:00 lardan 03:30 larga qadar Andijon viloyati Xonobod shahrining Teyit va Xidirsha MFYlarida kuchli sel kelishi tufayli 700 ga yaqin xonadonlar zararlangan, deya xabar berdi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.

Yog‘ingarchilik sababli Qirg‘iz ariq kanalining toshishi oqibatida bir oilaning 2 nafar voyaga yetmagan 2013 va 2018 yilda tug‘ilgan farzandlari selda oqib ketib, vafot etgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, «Qirg‘iz» kanali orqali oqib kelgan sel oqimlari Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ko‘chalar orqali 278 ta turar-joylarning yashash xonadonlari va hovlisiga kirgan.

Hozirda tabiiy ofatni bartaraf etish uchun Andijon viloyati IIB YXXB xodimlari tomonidan zarur kuch va vositalar hamda maxsus texnikalar jalb etilmokda.