Toshkent shahrida 87 yoshli ayol qizi va nevarasi tomonidan kaltaklandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

«Vzglyad.uz» ayolning boshqa nevarasi Davron Tillayevga tayanib voqea tafsilotlarini keltiradi.

Hodisa 23 aprel kuni uy-joy masalasi bo‘yicha ona va qiz o‘rtasida janjal sabab sodir bo‘lgan. Ayol karavotda yotgan paytida qizi uning sochidan tortib, yerga sudrab tushirgan va ura boshlagan. Ayol 3 soatga yaqin yerda yotgan.

Davron Tillayevning aytishicha, onaxonning qizi uning qo‘l va oyog‘iga pichoq bilan urgan. Shuningdek, uning ichki kiyimini og‘ziga tiqib, protezini tortib olgan va ustiga peshob quygan.

Tillayev 25 aprel kuni mehmonga kelgan va buvisining og‘ir ahvoldaligini sezgan. Ayolning qizi va nevarasi to‘shakdan yiqilib tushganini aytgan. Biroq Tillayev bunga ishonmagan, chunki uning oyoqlari ishlamay, tanasi va yuzi ko‘kargan bo‘lgan.

Shundan so‘ng u ayolni davolanish uchun xususiy klinikaga joylashtirgan. Davron Tillayev ariza yozganidan keyin ham hech qanday chora ko‘rilmaganini aytadi.

«26 aprel, dushanba kuni men ariza yozdim. Bugun, seshanba kuni sakkizinchi kun o‘tdi, javob yo‘q», — deydi u.

Davron Tillayevning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan keyin ularga sud ekspertizasi kelgan.

«Ekspertiza kecha bo‘lib o‘tdi, endi javob chiqishi uchun 3−4 kun kerak bo‘ladi. Bugun hamma surishtirishni boshladi. IIBBdan qo‘ng‘iroq qilishdi, militsiya bo‘limiga chaqirishdi», — deydi nevara.

Hozirda keksa ayolning ahvoli yaxshilangani qayd etiladi.

Bundan tashqari, Tillayev buvisining kvartirasi boshqa bir nevarasi nomiga noqonuniy ravishda ro‘yxatdan o‘tganini aytdi.

IIBB axborot xizmati xabar berilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi, 2-qismi, «v» bandi (ojiz ahvoldagi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.