30 aprel kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari telefon orqali muloqot qilishdi.

Cuhbatda mintaqaviy hamkorlik va ikki tomonlama kun tartibidagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni va uni tez fursatda hal qilishni muhokama qilishdi. Qirg‘iziston va Tojikiston tomonlari vaziyatni barqarorlashtirish va uning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kelishuvlarga erishgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yuzaga kelayotgan barcha bahsli masalalar ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik ruhidagi muloqot asosida hal qilinishi zarur ekani ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari mart oyida Toshkent shahrida o‘tgan sammit yakunida qabul qilingan qo‘shma qaror va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtalishdi.

Shuningdek, qabul qilingan majburiyatlarni so‘zsiz bajarish va ustuvor loyihalarni ilgari surish maqsadida faol almashinuvlarni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.