Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tayapti, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, so‘nggi 3 yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga oshgan, lekin, bu hali ichki ehtiyojni to‘liq qoplayotgani yo‘q.

Sementga bo‘lgan ehtiyoj — 86 foiz, qurilish oynasi — 69 foiz, keramik buyumlar — 40 foiz, gulqog‘oz — 30 foiz, lak-bo‘yoq — 65 foizga ta’minlanmoqda.

Umuman, o‘tgan yili qariyb 1 mlrd dollarlik (metal va yog‘ochdan tashqari) qurilish materiallari import qilingan.

«Bugungi kungacha birorta tuman, shahar yoki viloyat rahbari mahalliy sanoat salohiyati va undan foydalanishni chuqur va puxta o‘ylab ko‘rgani yo‘q. Hududga nima chetdan olib kelinayapti? Nimani o‘zida ishlab chiqarish mumkin? Buning uchun nima qilish kerak?, degan savollar hokimlarni har kuni qiynashi kerak», — dedi prezident.

Mahalliy sanoatni haqiqatda rivojlantirish uchun, har bir hududda ishlab chiqarishni kamida 3−4 baravarga oshirish zarur. Davlat rahbari mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi «vertikal» tizim joriy etiladi.

«Bu masalaga viloyat hokimlarining shaxsan o‘zi mas’ul bo‘ladi va ishlarni „ichki talabni o‘rganish — importni tahlil qilish — resurs bazasini aniqlash — yangi loyihalarni amalga oshirish“ zanjiri orqali yo‘lga qo‘yadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sanoatqurilishbank raisi Annaqlichev qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va loyihalarni moliyalashtirish ishlariga mas’ul va javobgar etib belgilandi.

Joriy yil 1 iyulga qadar xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, bankning investitsiya kompaniyasi va barcha ф́илиалларида konsalting markazlarini tashkil qiladi.

Mahalliy sanoatni rivojlantirish vazifalari Sardor Umurzoqov va uning tizimiga yuklatildi.

Mahalliylashtirish bo‘yicha hokim yordamchilari ham ushbu tizim bilan birlashtirilib, ularning vazifalari va mas’uliyati qayta ko‘rib chiqiladi.

Sardor Umurzoqov ikki oy muddatda mahalliy sanoatning har bir yo‘nalishi bo‘yicha tumanlar kesimida alohida dasturlar ishlab chiqishi kerakligi aytildi.

«Har bir viloyat, tuman hokimining mavjud zaxiralarni ishga solish bo‘yicha aniq rejalari bo‘lishi kerak. G‘ozg‘ondagi qurilish materiallari klasteri tajribasi barcha hududda joriy etilsa, albatta mahalliy sanoat keskin rivojlanadi», — dedi prezident.

Misol uchun, bugungi kunda respublikadagi mavjud pardozbop toshlar zaxirasining 30 foizidan ham foydalanilmayapti.

Bu ko‘rsatkich Buxoroda — 11 foiz, Qashqadaryoda — 13 foiz, Toshkent viloyatida — 15 foiz.

Jumladan, Boysun tumanida 7 turdagi foydali qazilmalarni (ohaktosh, bazalt, dolomit, kvars qumi, pardozbop toshlar) qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Yoki, Peshku tumanida 24 mln kubmetr tabiiy qoplama toshlar, 1,3 million tonna grafit, 450 ming tonna mineral bo‘yoqlar uchun xomashyo zaxiralarini ishga solish rejalashtirilgan.