Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi O‘zbekistonda kitob savdosi korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalarni qo‘llash, qolaversa, sohani manzilli subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash taklifi bilan chiqmoqda.

Senat qo‘mitasi raisi Odiljon Iminovning ta’kidlashicha, tegishli so‘rov Moliya vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasiga yuborilgan.

Qo‘mita prezident tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning to‘rtinchisi — kitobxonlikni keng targ‘ib qilish ekanligini eslatib o‘tdi.

«Biroq kitob ishlab chiqarish sohasining, ya’ni noshirlar va bosmaxonalar uchun soliq imtiyozlarining bekor qilinishi, ularga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘ining qo‘llanishi aksariyat ishlab chiqaruvchilarni rasmiy faoliyat yuritishdan chetlashib, o‘g‘rincha (kontrafakt) mahsulotlar ishlab chiqarishga „undamoqda“. Natijada „yashirin iqtisodiyot“ rivojlanib, qonuniy faoliyat yuritayotganlarning salmog‘i kamayib bormoqda, ya’ni sohada iqtisodiy nosog‘lom muhit tarkib topmoqda», — deyiladi xabarda.

Shundan kelib chiqib, soha vakillaridan kelgan murojaatlarda kitob ishlab chiqarishga nisbatan tabaqalashtirilgan QQS stavkasini qo‘llash taklif etilmoqda. Misol uchun, kitob ishlab chiqarish sanoatiga umumiyga nisbatan Rossiya Federatsiyasida — 50 foiz, Germaniyada — 36 foiz, Fransiyada — 28 foiz, Buyuk Britaniyada esa «nol» foiz QQS stavkasi qo‘llanilishi ta’kidlangan. Ya’ni, mazkur davlatlarda kitob ishlab chiqarish sohasi uchun QQS stavkasi kamida ikki barobarga pasaytirilgan.

Aprel oyi boshida moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultanov iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun tabaqalashtirilgan QQS stavkasidan foydalanish samarasiz ekanligini qayd etgan edi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Adxam Ikromovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston toifalar va tarmoqlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan QQSga o‘tadi. Uning gaplariga ko‘ra, imtiyozlar va preferensiyalarga ega bo‘lgan kuchli o‘rta biznessiz mamlakat «hech qachon boshqa davlatlar bilan yetarlicha raqobatlasha olmaydi».

Eslatib o‘tamiz, QQS bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalar ilgari O‘zbekistonda amal qilgan, 2018 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilingan edi.