Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova bolalar juda yomon sharoitda yashayotgani sababli Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyini tugatish kerakligini ma’lum qildi. Ombudsman matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, vakil mehribonlik uyi o‘rnida Bolalar shaharchasini tashkil etishni taklif qilayapti.

Mazkur mehribonlik uyidagi muammo va kamchiliklar Bolalar ombudsmanining 12−15 aprel kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga xizmat safari mobaynida aniqlangan.

5-sonli Mehribonlik uyi. Foto: Inson huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati.

Tashrif kuni mehribonlik uyida 65 nafar (qizlar 28 nafar) tarbiyalanuvchi bo‘lgan. Ularning 15 nafarini chin yetimlar tashkil etgan. Joriy yilning yanvarida mazkur mehribonlik uyida 83 nafar bolalar istiqomat qilgani, ularning 15 nafari chin yetimlar, qolgan 27 nafari esa kam ta’minlangan oila farzandlari ekanligi aytilgandi.

«Tibbiyot xonasi, stomatolog xonasi, bemorlarni alohidalash xonalarining tagi beton qoplamali bo‘lib, zahkash. Bolalarning bo‘sh vaqtini o‘tkazish uchun yetarli sharoitlar mavjud emas. Mebellar eski», — deyiladi xabarda.

Sog‘lom ovqatlantirish holatlarini o‘rganish davomida Aliya Yunusovaning e’tiborini tarbiyalanuvchilarning birinchi ovqatni umuman yemasdan chiqqanligi, ikkinchi ovqatga ham deyarli qo‘l uzatmaganliklari o‘ziga tortgan.


Foto: Inson huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati.

Ta’kidlanshicha, «birinchi ovqatga karam sho‘rvasi qilingan bo‘lib, u o‘ta yog‘li hamda o‘ziga xos hidga ega bo‘lgan. Bolalarga tushlikda sharbatlar berilmagan».

«Holat yuzasidan mahsulotlar sifatini ko‘rish uchun oziq-ovqat omboriga tashrif buyurilganda mahsulotlar sifati buzilganligi karam, rediska, kartoshka va noklarning chirib qolganligi, go‘sht rangining o‘zgarganligi, ko‘plab yog‘lari borligi aniqlandi. Go‘sht mahsulotlarini tortib ko‘rish so‘ralganda tarozi yo‘qligi, oshxonaning sanitariya holati yaxshi emasligi, idishlar yetishmasligi, bolalarga alyumin krujkalarda choy berilayotgani va boshqa bir qator kamchiliklar borligi ma’lum bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Foto: Inson huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati.

Foto: Inson huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati.

Foto: Inson huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati.

Holatni chuqur o‘rganish uchun Kitob tumani prokuraturasidan mutasaddi vakil chaqirilgan. Qolaversa, mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan mutasaddilarga majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

«Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyini tugatish kerak. Bolalar juda yomon sharoitda yashashmoqda», — deya vakilning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda ombudsman matbuot xizmati.

«Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova Respublikadagi barcha «Mehribonlik» va bolalar uylari o‘rnida Bolalar shaharchalarini tashkil etishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqib, Bolalar ombudsmani tomonidan bu boradagi taklif parlamentga kiritilishi reja qilingan.

Yanvar oyi holatiga, mamlakatda Xalq ta’limi vazirligiga qarashli 17 ta «Mehribonlik» uyi hamda 4 ta Bolalar shaharchasi faoliyat yuritmoqda. Ularda 2047 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmaganlar tarbiyalanmoqda. Ulardan 316 nafari chin yetim, 506 nafarining otasi yoki onasi bor. 770 nafar bola otalik va onalik huquqidan mahrum etilganlarning farzandlari, 235 nafari kam ta’minlangan oila farzandlari.

Foto: Inson huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati.

Foto: Inson huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati.