Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida onkogemotologik va davolash murakkab bo‘lgan kasalliklardan azob chekayotgan bemorlarni davolashga yordam berish va qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilmoqda. 8 aprel kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan bu haqda qaror qabul qilindi, deya xabar berdi Norma.uz.

Jamg‘arma mablag‘lari davlat byudjetiga tushadigan tamaki mahsulotlariga qo‘yilgan aksiz solig‘i summasining 7 foizidan va jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini banklarga omonat sifatida joylashtirish hamda aholi va kompaniyalar tomonidan xayriya qilingan mablag‘lar hisobiga shakllantiriladi.

Ushbu mablag‘lar uskuna va dori-darmon vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarf-harajatlarga ishlatiladi. Shuningdek, jamg‘arma mablag‘lari xorijdan murakkab operatsiyalarni o‘tkazish va tashxis qo‘yish uchun taklif qilinadigan mutaxassislar xarajatlarini qoplash uchun ham sarflanadi.

Hujjatda quyidagilar belgilangan:

  • «Uzmedimpeks» DUK Sog‘liqni saqlash vazirligining davlat xaridlari bo‘yicha xaridlar komissiyasining ishchi organi hisoblanadi;
  • xaridlar bo‘yicha shartnomalarni imzolash uchun kontragent;
  • shartnomalarga muvofiq yetkazib beriladigan tovarlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish bo‘yicha agent.

Jamg‘arma kengashiga Ezgu Amal xayriya jamoat fondi vakillari — Aziza Umarova va Munira Xo‘jaxonova ham kirishdi.

Fevral oyida Ezgu Amal fondi prezidentdan tibbiyotning bolalar onkologiyasi va gematologiya yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan edi. Keyinchalik Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIPIATM) fond ma’lumotlarini «ishonchsiz» deb atadi va xavfli o‘simtalar haqida ma’lumot berdi.