O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.Foto: «O‘zbekiston 24».

Toshkent shahrida 2021−2023 yillarda umumiy qiymati 10,7 mlrd dollarlik 1390 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va qariyb 98 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, joriy yilda jami 4,1 mlrd dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan.

Birinchi chorakda poytaxtda 1,8 trln so‘mlik 130 ta loyiha ishga tushirildi va 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sanoat yo‘nalishida 55 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 63 ta, uy-joy qurilishida 12 loyiha amalga oshirildi.

Foto: «O‘zbekiston 24».

Taqdimotda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Misol uchun, Mirzo Ulug‘bek tumanida yiliga 110 ming tonna metalldan quyma po‘lat, armatura, ugolnik, shveller kabi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etiladi va 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Yil yakuniga qadar qiymati 30 trln so‘mdan ziyod 847 ta loyihani amalga oshirish va qariyb 36 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida 2021−2023 yillarda 3 mlrd dollarlik eksport rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 800 mln dollardan ziyod bo‘lgan sanoat mahsulotlari, qariyb 70 million dollarlik meva-sabzavotni eksport qilish kutilmoqda.

Davlat rahbari rejalashtirilgan ko‘rsatkichlar bilan chegaralanmasdan, qo‘shimcha loyihalarni ko‘paytirish, eksport tarkibini diversifikatsiya qilish va hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.