Termizda istiqomat qiluvchi 16 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lgan qizning ota-onasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasiga fuqaro B. E.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab murojaat qilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilning boshida ushbu erkak voyaga yetmagan qizlarini ikki marotaba nomusiga tekkan, deya xabar qildi senator Farhod Boqiyev.

Bu holat 2020 yilning fevral oyida yana takrorlanadi. U voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilishini aytib, uni qo‘rqitadi va takroran kuch ishlatib nomusiga tegadi.

«Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan qariyb 14 oydan beri Termiz shahar IIO FMB tomonidan qonuniy choralar ko‘rilmay kelinmoqda. Bu esa, avvalo, ota-onani, qolaversa, mazkur voqeadan xabardor bo‘lgan odamlarning ichki ishlar organi tizimiga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini kuchaytirishi tabiiy albatta», — deyiladi senator xabarida.

Farhod Boqiyevning ma’lum qilishicha, jabrlanuvchi qizning ota-onasi adolatni qaror toptirish, jinoyatni amalga oshirgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab bir yildan beri Termiz shahar IIO FMBga va boshqa ma’muriy idoralarga qilgan barcha murojaatlari e’tiborsiz qodirilgan.

Termiz shahar IIO FMB tomonidan mazkur voqea bo‘yicha sifatsiz tekshirishlar o‘tkazilganligi, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorlar qabul qilganligi hamda jinoyatni amalga oshirgan shaxsning do‘stlari Termiz shahar IIO FMBda faoliyat yuritishi, shu sababli ish bosti-bosti qilib kelinayotgani ota-onaning so‘nggi chora sifatida Senatga murojaat qilishiga sabab bo‘lgan.

Ta’kidlaniicha, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mazkur tergov ishi har tomonlama to‘la va xolisona olib borilishi hamda yakunlari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi nazoratga olindi.