YeOIIga qo‘shilishning O‘zbekiston farmtarmog‘iga plyus va minuslari haqida O‘zbekiston farmatsevtika sohasi o‘zining me’yoriy hujjatlarini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) talablariga moslashtirishni boshladi. Bu haqda «Innoprom» xalqaro sanoat ko‘rgazmasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Qoriyev ma’lum qildi.

Agentlik rahbari YeOII talablarini «juda qattiq» deb atadi, shu munosabat bilan barcha mahalliy korxonalar jahon standartlariga mos kelishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, Sardor Qoriyev O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining YeOII bilan birlashuvining plyus hamda minus tomonlariga to‘xtalib o‘tdi.

«Plyus jihatlariga [YeOIIning — tahr.] keladigan bo‘lsak — bu katta bozor. Farmbozorlarning „mini-globalizatsiyasi“ boshqa mamlakatlarga rijovlanish jadalligini ushlash imkonini beradi. Izolyatsiyalangan bozorda mavjud bo‘lish doim oson. Ammo tashqi bozorga chiqilmasa, dunyoda sodir bo‘layotgan trendlarni qo‘ldan chiqarish mumkin», — dedi u.

U misol tariqasida Rossiya biotexnologiyasi sohasining rivojlanganini keltirdi, O‘zbekistonda esa ushbu yo‘nalish endi rivojlanishni endigina boshlamoqda.

«Minus tomonlari — juda qattiq nazorat. Bu kabi integratsiya, globalizatsiya bor ekan mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash biroz qiyin. Chunki hammaga shartlar, talablar bir xil… Yana bir minus jihati integratsiya amalga oshmoqda, o‘yin qoidalari bir xil va ko‘plab korxonalarga qiyin bo‘ladi. Ya’ni integratsiyaga tayyor bo‘lmagan korxonalar farmbozorni tark etishga majbur bo‘ladi», — dedi Sardor Qoriyev.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda 1,17 mlrd dollarlik tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlarini import qilgan (undan oldingi yilga nisbatan o‘sish — 24,6 foiz) bo‘lsa, 23,4 mln dollarlik mahsulotlarni eksport qilgan (o‘sish — 2,4 baravar). 2020 yilning birinchi yarim yilligidagi ichki ishlab chiqarish 235 mln dollarga baholanmoqda.

2020 yilning martida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi YeOIIning O‘zbekiston farm sanoatiga ta’sirini baholadi. Xususan, mahalliy ishlab chiqarishlarga berilgan imtiyozlarning bekor qilinishi farmatsevtika mahsulotlari narxining oshishi kutilmoqda, ammo o‘tish davriga erishilsa, u holda imtiyozlarning bekor qilinishi kechikishidan foydalanish mumkin bo‘ladi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar kelgusi 10 yil ichida xarajatlarni 10−15 foizga kamaytirishi mumkin.

Dori vositalarining eksportida kelinadigan bo‘lsa, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, uning hajmi katta emas va asosiy qismi (90 foizdan ortig‘i) uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri keladi. YeOIIga qo‘shilish nuqtai nazariga ko‘ra, mavjud eksport hajmi o‘zgarishi kutilmayapti. Shu bilan birga, 220 ta kompaniyadan 10 tasi GMP maxsus sertifikatiga egaligi inobatga olinsa (2020 yil oxiridagi ma’lumotlar), mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini YeOII mamlakatlarida sotish imkoniyatiga ega emas, chunki ittifoq shartlariga ko‘ra, 2026 yilda barcha farmatsevtika mahsulotlari GMP standarti bo‘yicha sertifikatsiyadan o‘tishi lozim.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2020 yil 11 dekabr kuni Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqida kuzatuvchi maqomini olgan edi.