Turkmanistonda xalq itboqari va xizmat ko‘rsatgan itboqar unvonlari ta’sis etildi. Ularga bir martalik mukofot pullari va oylik pul mablag‘lari berilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda «Interfaks» xabar berdi.

Xalq itboqari unvoniga sazovor bo‘lganlarga eng kam ish haqi (2021 yil 1 yanvardan 957 manat yoki 6 aprel holatida taxminan 273 dollar)ning 5 baravari miqdorida bir martalik mukofot va oylik, pensiya, nafaqa va stipendiyalariga eng kam ish haqining 30% miqdorida oylik ustama qo‘shiladi. Bu haqda prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning tegishli qonunlarini nashr etuvchi «Neytralniy Turkmenistan» gazetasi yozmoqda.

Turkmanistonning xizmat ko‘rsatgan itboqar unvonini olganlarga esa eng kam ish haqining 4 baravari miqdorida bir martalik mukofot va har oy eng kam oylik ish haqining 20 foizi miqdorida ustama beriladi.

Mamlakatning xalq itboqari unvoni «Turkmaniston mustaqilligi yillarida xalqning milliy qadriyatlaridan biri bo‘lgan turkman alabaylarining dunyo miqyosidagi obro‘sini oshirishga katta hissa qo‘shgan» shaxslar uchun beriladi.

Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan itboqar unvoni «turkman xalqining eng boy madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan turkman alabaylarini boqish va naslini ko‘paytirishda katta xizmat qilgan» shaxslarga beriladi.

Ushbu mukofotlar Turkmaniston fuqarolariga, shuningdek, chet elliklarga ham berilishi mumkin.