Yevropa dori vositalari bo‘yicha agentligi koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi va vaksinani qabul qilganlar orasida kuzatilgan tromboz holatlari orasida bog‘liqlik borligi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Shuningdek, agentlik ushbu holatlarni vaksinaning juda kamdan-kam uchraydigan aks (yon) ta’siri deb atamoqda. Ta’kidlanishicha, vaksinaning foydasi va zarari o‘rtasida tafovut keltirilganda, umumiy holatda vaksina ijobiy deb baholanmoqda.

Vaksinaning sog‘liqqa zararini o‘rganish va emlash strategiyasi bo‘limi rahbari Marko Kavalerining aytishicha, vaksinaning nega bunday ta’sir qilganligining sababi ma’lum emas. Hozircha bu borada izlanishlar hali davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida Yevropaning bir qator mamlakatlari AstraZeneca vaksinasini qo‘llashni to‘xtatib qo‘ygan edi. Biroq, ma’lum muddat o‘tib Yevropa Ittifoqi kuzatilayotgan holatlar va ushbu vaksina o‘rtasida bog‘liqliklar yo‘q deya izoh bergach, bir qator Yevropa mamlakatlari, jumladan Fransiya, Italiya va Germaniya AstraZeneca vaksinasini qo‘llashni qaytadan tiklagandi.

17 mart kuni esa Toshkentga 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi olib kelingan edi.

Hozirda dunyo bo‘ylab ushbu vaksinadan 77 mamlakat foydalanmoqda, biroq Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Finlyandiya, Irlandiya hamda Islandiya kabi mamlakatlar qo‘llashni to‘xtatgan. Shuningdek, 3 ta mamlakat (Kanada, Fransiya, Niderlandiya) AstraZeneca vaksinasini faqat ayrim guruhlarga nisbatan qo‘llamaslikka qaror qilgan.

Shuningdek, mart oyi oxirida AstraZeneca vaksinasining nomi Vaxzevria deb o‘zgartirilgan edi.