Yilning birinchi kvartalida oltin narxi 10% ga, 2020 yil avgustidan buyon esa 19% ga arzonladi, deya xabar bermoqda Spot.uz Bloomberg ma’lumotlariga asoslangan holda. Bu 1982 yildan beri ushbu davr uchun rekord pasayish bo‘ldi.

Oltin inqiroz davrida «o‘zini yaxshi his qiladi», va aksincha, vaziyat yaxshiligida uning narxi pasayadi. Hozirda koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bo‘lsa-da, vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha natijalar vaziyat yaxshilanishi uchun umid bag‘ishlamoqda, shu sababdan oltinning ham narxi tushishda davom etmoqda.

Shuningdek, oltin narxiga ta’sir qiluvchi boshqa omillar ham mavjud. AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari va so‘nggi paytlarda bir qator rekordlar qayd etayotgan bitkoin hamda boshqa kriptovalyutalar bilan raqobat ham oltin narxiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Oltin va O‘zbekiston

O‘zbekiston Markaziy banki hisobotiga ko‘ra, eng kam oltin sotilgan davr 2012 yil (10 tonna) bo‘lib, eng ko‘p sotilgan yil 2019 yil (110 tonna) bo‘ldi. Ushbu davrlardagi o‘rtacha narxlar ham turlicha bo‘lgan, masalan, 2012 yilda oltinning bir unsiyasi narxi 1668,9 dollar bo‘lgan. 2015 yilda esa 1159,8 dollargacha tushgan. 2020 yilda 1771 dollarga o‘sdi.

O‘zbekiston so‘nggi marta 2020 yil avgustida oltin eksport qildi. Markaziy bank oltinni valyuta aktivlarini samarali boshqarish, shu jumladan xalqaro qimmatbaho metallar bozori tahlili va oltin narxlari prognozi asosida sotadi.

Oltin narxi pandemiya oqibatida, 2020 yil iyulida 2000 AQSH dollarigacha ko‘tarilgan edi. O‘zbekiston Markaziy banki o‘shanda oltin sotish bo‘yicha yetakchiga aylangan edi. 2020 yil sentyabrida eksport to‘xtagach, oltin narxi 1904 dollarga tushgandi. Hozirda esa oltin narxi 1724 dollargacha arzonlab, pandemiyadan oldingi narx darajasiga qaytgan.