27 mart kuni soat 13:30 atrofida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasida avtohalokat sodir bo‘ldi, natijada ikki kishi halok bo‘ldi va bir kishi og‘ir tan jarohati oldi. Bu haqda 31 mart kuni IIV matbuot xizmati xabar berdi (video).

O‘sha kuni shaharda yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Cobalt haydovchisi katta tezlikda oldidagi mashinani quvib o‘tishga uringan. Avtomobil yo‘ldagi beton to‘siq ustidan uchib o‘tib, Lacetti bilan to‘qnashgan.

IIV videosidan lavha

Ikkinchi mashina jiddiy shikastlangan. Haydovchi, 31 yoshli erkak va yo‘lovchi, 33 yoshli ayol, ikkalasi ham joyida vafot etgan. Yana bir yo‘lovchi (25 yosh) jiddiy jarohat oldi.

Ikkala qurbonning ham voyaga yetmagan farzandlari bor.

IIV YHXBB xabarida ushbu voqea Davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi rahbariyati, viloyat va shahar yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari hamda jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinganligi aytilmoqda.

Qoidalarga amal qilgan holda ketayotgan Lacetti haydovchisi va yo‘lovchining bevaqt vafotiga sababchi bo‘lgan Cobalt avtomobili haydovchisining qoidabuzarligi «jamoatchilik faollari tomonidan keskin qoralandi», ta’kidlandi xabarda.

«Bu kabi sodir bo‘layotgan yo‘llardagi baxtsiz hodisalarga sabab va omillar muhokama qilindi. Yoshi ulug‘, tajribali fuqarolar YTHlarga qarshi mas’ul xodimlar bilan bir qatorda har bir haydovchi va piyodalar birdek kurashishi zarurligini ta’kidlab o‘tishdi», — deyiladi xabarda.

Kelgusida baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun ushbu sohada qanday aniq choralar ko‘rilishiga aniqlik kiritilmadi.