O‘zbekistonda aholi salomatligini muhofaza qilish va koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlarini kamaytirish maqsadida COVID-19 ga qarshi emlash tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish ishlari yakunlanmoqda, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev.

«COVAX doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 million doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 million doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini mamlakatimizga keltirish rejalashtirilgan», — deydi u.

Vazirning ta’kidlashicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Rossiyadan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda.

Ma’lumot uchun, oldinroq O‘zbekistondan Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketayotgan mehnat muhojirlari uchun 1 million doza «Sputnik V» vaksinasini yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolangani haqida Rossiya elchisi Vladimir Tyurdenev ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi 660 ming dozali AstraZeneca vaksinasi olib kelingan edi. Shuningdek, 27 mart kuni mamlakatga 1 mln dozada xitoy-o‘zbek vaksinasi yetkazilgandi.