Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga taklif qilinayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha munosabatini bildirdi. Departamentning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar o‘quvchilarning savodiga ijobiy ta’sir qiladi, shuningdek, katta avlod vakillarining ham alifboni o‘rganishini tezlashtiradi.

«Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov «Bahs va yarashish alifbosi» nomli maqolasida alifbo va imlodagi o‘zgarishlar masalasini puxta o‘ylab, aniq ilmiy asoslarga tayanib amalga oshirish lozim, degan fikrni ilgari surgan edi. Departament o‘z munosabatida alifboni isloh qilish zarurati bo‘yicha bir qancha fikrlarni keltirgan, lekin kolumnist bu fikrlarning asosida ilmiy dalillarni ko‘rmaganligini ta’kidladi.

«Bir tovushga — bir harf» tamoyili amaldami?

Alifbodagi bahsli to‘rt harfni o‘zgartirish zaruratiga to‘xtalar ekan, departament «xalqimiz tarixda foydalangan arab, lotin, kirill yozuvlari ham „bir tovushga — bir harf“ tamoyiliga asoslangan», degan fikrni keltirgan. Yuqorida tilga olingan maqolamda «alifbo — fonetik transkripsiya emas va bir fonema bir necha harflar bilan ifodalanishi yoki aksincha, bitta harf bir necha fonemani ifodalashi normal holat», degan fikrni keltirgan edim va bir qancha tillardan bunga misollar keltirgan edim.

O‘zbek tili uchun ishlatilgan arab yoki kirill yozuvlarida ham «bir tovushga — bir harf» tamoyiliga rioya qilinmagan. Masalan, arab yozuvidagi «se», «sin», «sod» harflari «s» tovushini ifodalaydi. To‘g‘ri, arablar bu uch xil harf ifodalagan tovushlarni har xil talaffuz qiladilar, lekin o‘zbek tili uchun bu farq mavjud emas. Rahimboy Jumaniyozov o‘zining «Eski o‘zbek yozuvi» nomli qo‘llanmasida shunday yozadi: «Arab yozuviga diqqat qilgan bo‘lsangiz, bizning tilimizdagi bir tovushni ifodalash uchun ikki, uch va hatto to‘rt harf mavjudligini ko‘rasiz. O‘zbek tilida bu harflar ifoda etgan tovushlar o‘rtasida hech qanday farq ko‘zga tashlanmaydi. Lekin tilimizning lug‘at sostaviga kirgan arabcha so‘zlarda arablar qaysi harfni qo‘llagan bo‘lsalar, biz ham shu so‘zni yozishda o‘sha harfni ishlatamiz» (110−111 betlar).

Demak, arablar talaffuzda farqlay oladigan, lekin o‘zbeklar farqlamaydigan tovushlarni ifodalaydigan harflar sababli arab yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida amalda bir tovushni ifodalaydigan bir necha harf mavjud bo‘lgan va qaysi so‘zda qaysi harf yozilishini eslab qolish kerak bo‘lgan.

Bundan tashqari, arab yozuvi konsonant yozuvlar sirasiga kiradi — bunday yozuvlarda so‘z ichidagi unlilar yozuvda ifodalanmaydi. Misol uchun, «Eski o‘zbek yozuvi» qo‘llanmasida keltirilgan «zolim», «g‘azab» so‘zlarining arab imlosida yozilishiga e’tibor bersak, «zolm» (5 tovush — 4 harf), «g‘zb» (5 tovush — 3 harf) shaklida yozilganini ko‘rishimiz mumkin. Bundan tashqari, o‘zbek tilida unlilar soni ko‘proq bo‘lgani holda, arab yozuvida unlilarni ifodalaydigan faqat uchta harf mavjudligini ham qayd etish lozim.

Demak, asrlar davomida ishlatilgan arab alifbosida «bir tovushga — bir harf» tamoyiliga amal qilingan, deya olmaymiz. Kirill yozuvida ham bu tamoyilga qat’iy rioya qilingan, deyish qiyin. «Ya», «yu», «yo» (misol uchun, «yalpiz», «yurt», «yomon») harflarining aslida ikki tovushni bildirishi, «ye» harfining o‘rniga qarab bir yoki ikki tovushni bildirishi (masalan, «yengil» so‘zida ikki tovush, «men» so‘zida bir tovush), bitta «j» harfining ikkita tovushni ifodalashi (solishtirib ko‘ring: «jiyda» — «jirafa»), «ng» harflarining o‘rni kelganda ikki tovushni («menga») yoki bir tovushni («dengiz») bildirishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Demak, departament ta’kidlaganidek, «xalqimiz tarixda foydalangan arab, kirill alifbolari „bir tovushga — bir harf“ tamoyiliga asoslangan», deyish unchalik ham haqiqatga mos emas. Faqat isloh qilingan arab alifbosida (1921−1929) va «yanalif»da (1929−1940 yillarda ishlatilgan lotin alifbosida) bu tamoyil u yoki bu darajada kuzatilgan, deyishimiz mumkin. Biroq bu alifbolarning amal qilish muddatini arab, kirill yoki amaldagi lotin alifbolari qo‘llanilgan davr bilan solishtirib bo‘lmaydi.

Yana bir holat. Kirill yozuvidagi «j» va «ng» bilan bog‘liq holatlar taklif qilinayotgan yozuvga aynan ko‘chganligi sababli, taklif qilinayotgan alifboning o‘zida ham «bir tovushga — bir harf» tamoyiliga har doim amal qilinmaganini ko‘rishimiz mumkin.

«O‘» va «G‘» harflari: texnik yechim mavjud emas…mi?

Departament amaldagi «O‘» va «G‘» harflariga to‘xtalar ekan, bu harflarni yozish uchun kompyuter klaviaturasida 6ta tugma (avval O yoki G, keyin: alt 0145) bosilishini ta’kidlagan. Aslida, ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu harflar uchun UNICODE tavsiya qilgan harfni «o‘zgartiruvchi teskari vergul» (U+02BB, «modifier letter turned comma») ishlatilsa, kompyuter tizimlari bunday harflar ishtirokidagi so‘zlarni to‘g‘ri qabul qiladi.

Darhaqiqat, bu harflarni kompyuterda terish qiyinligi ham, ko‘pchilik bu harflarni terishda har xil belgilarni ishlatib, xatoga yo‘l qo‘yishi ham bor gap. Lekin muammoning yechimi faqat alifboni o‘zgartirishmi? Bu harflarni qiyinchiliksiz va bexato terish imkonini beradigan klaviatura raskladkasi yaratilishi mumkin emasmi?

Departament «zamonaviy gadjetlar klaviaturalarida o‘zbek tilining barcha harflari bo‘ladi», deya ta’kidlagan. Amaldagi lotin alifbosidagi bu harflarni bitta tugma bilan terish imkonini beradigan klaviatura Android tizimidagi qurilmalarda allaqachon mavjud. Bunday klaviaturaning texnik imkoniyatlari, ijobiy va salbiy jihatlari o‘rganildimi? Shunga o‘xshagan klaviaturani boshqa tizimlar uchun yaratish imkoniyatlari tadqiq qilindimi? Departament shu bo‘yicha ham asoslangan fikrlarni taqdim qilsa, mutaxassislar bilan ochiq muhokama qilsa, foydadan xoli bo‘lmas edi, nazarimda.


«Sh» va «ch»: turkiy tillar alifbosiga yaqinlik?

Departament bildirgan munosabatda «sh» va «ch» harflarini o‘zgartirish zaruratini bu tovushlarning ikkita harf bilan ifodalanishi «hech bir turkiy davlatlar amaliyotida yo‘q"ligi bilan izohlagan. Asl maqsadimiz turkiy tillar alifbosiga yaqin alifboni qabul qilish emas, lotin alifbosiga o‘tishni tugallash ekanligini unutmaylik.

Birinchidan, turkiy tillar turli alifbolardan foydalanishadi. Masalan, turkiy tillar orasida o‘zbek tiliga eng yaqin bo‘lgan uyg‘ur tili uchun arab va kirill yozuvlari ishlatilsa, ozarbayjon, turk, turkman, qoraqalpoq tillari uchun lotin, qirg‘iz, qozoq, shuningdek, Rossiya tarkibidagi aksar turkiy xalqlar tillari (oltoy, boshqird va boshqalar) uchun kirill alifbosi asosidagi yozuv ishlatiladi. Demak, turkiy tillar yozuvlari mushtarakligi haqida ayni paytda, turli sabablarga ko‘ra, gapirishga asos yo‘q.

Ikkinchidan, alifbodagi «sh» va «ch» harflarining o‘xshashligi o‘zbeklar uchun boshqa turkiy tillarni o‘rganishni osonlashtirib qo‘ymaydi. Baribir o‘zbekzabon o‘quvchi qaysi turkiy tilni o‘rganmoqchi bo‘lsa, o‘sha tilning grammatikasi va so‘z boyligi bilan birga alifbosi va imlo qoidalarini ham o‘rganishi kerak bo‘ladi. Masalan, «j» tovushi o‘zbek tilida «j» bilan ifodalansa (misol: «jonim mening») , turk tilida «c» bilan beriladi («canim benim»). Shunday ekan, uzr, lekin men «sh» va «ch» borasida berilgan asos tagida mantiq ko‘rmadim.

Shunchaki ma’lumot uchun. Genealogik jihatdan bir-biriga yaqin (hind-yevropa tillari oilasi g‘arbiy german tillari guruhiga kiruvchi) ingliz va nemis tilarida «sh» va «ch» tovushlari har xil harf birikmalari («sh», «ch» va «sch», «tsch» bilan ifodalanadi).

Amaldagi alifboning qiyinligi — tadqiqotlar bormi?

Alifboga o‘zgartirish kiritish zarurati haqida munosabat bildirar ekan, departament yozmoqda: «Alifbodagi ushbu harflar sababli kattaroq hajmdagi matnni o‘qish va yozish qiyinligicha qolmoqda. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining ommalashishiga salbiy ta’sir qilmoqda».

Savol tug‘iladi. Keltirilgan fikr nimaga asoslangan? Amaldagi alifboning oson yoki qiyinligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildimi? Turli vositalar orqali (masalan, qog‘ozda, kompyuter yoki smartfon ekranida, elektron kitob o‘qish qurilmasi — bukriderda) amaldagi lotin alifbosi va taklif qilinayotgan alifbodagi matnlarni o‘qish tezligi, idrok qilish darajasi orasidagi farqlar o‘rganildimi? Turli yoshga mansub shaxslar, kirillda yoki amaldagi lotinda savodi chiqqan shaxslar, ona tili o‘zbek tili bo‘lgan va boshqa millatga mansub shaxslar kategoriyalariga qarab har ikki alifbodagi matnni o‘qish tezligi va idrok qilish qobiliyati qanday farq qildi?

Xuddi shunday tadqiqotlar amaldagi va taklif qilinayotgan alifbolarda yozish bo‘yicha ham o‘tkazildimi? Qog‘ozda yozish, smartfonda yoki kompyuterda matn terish bo‘yicha qanday ko‘rsatkichlar olindi?

Agar bunday tadqiqotlar o‘tkazilgan bo‘lsa, departamentdan ularning natijalarini taqdim qilishni so‘rardim. Agar o‘tkazilmagan bo‘lsa, uzr — siz o‘qish va yozish qiyin deyayotgan alifboni men yoki boshqa birov oson deyishi mumkin.

Departament munosabatida amaldagi alifbo qiyinligi bilan bog‘liq yana bir qiziq argument keltirilgan: «milliy alifbodagi murakkabliklar tufayli ko‘pchilik bitiruvchi yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo‘lmoqda». Darhaqiqat, nega ta’lim tizimida (maktabda, oliy ta’limda) lotin alifbosida o‘qigan yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo‘lmoqda? Sabab milliy alifbodagi murakkabliklarmi?

Shaxsiy tajribamdan bir voqea. Davlat tashkilotlaridan birida ishlaganimda Vazirlar mahkamasi va Prezident administratsiyasiga yuborilishi kerak bo‘lgan hujjatlarni lotin alifbosida tayyorlaganimda ularni kirill alifbosiga o‘girib berishni so‘rashgan va bunday hujjatlar keyinchalik kirillchada tayyorlanishi lozimligini uqtirishgan edi. Xulosa o‘zingizdan.

Lotin yozuvida o‘qigan yoshlar savodsiz… mi?

Departament keltirayotgan argumentlardan yana biri: «Lotin yozuvida o‘qigan yoshlar orasida savodsizlik kuchayib, yozma nutqda soddaroq belgi („o‘“ ning o‘rniga „6“, „ch“ ning o‘rniga „4“, „sh“ ning o‘rniga „w“) dan foydalanish avj olgan».

Yozma nutqda soddaroq belgilardan foydalanish — bu savodsizlik belgisi emas, balki butun dunyoda, ko‘p tillarda kuzatiladigan «sms tili» yoki «tarmoq jargoni» deb ataladigan hodisa. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarda, sms orqali muloqotda vaqtni tejash, yozma muloqot tezligini oshirish maqsadida turli usullar ishlatiladi. Shunday usullardan biri so‘zlarni qisqartirish bo‘lsa (ingliz va rus tillaridan misollar: «in my humble opinion» (fikri ojizimcha) — «IMHO», «chasto zadavayemыye voprosы» (ko‘p beriladigan savollar) — «CHAVO»), yana biri ayrim harflar (harf birikmalari) o‘rniga boshqa belgilarni ishlatishdir (misol uchun: «tomorrow (ertaga) — «2mro», «chto delayesh» (nima qilyapsan) — «4to 2yelayesh»).

Bunday holatlar alohida tendensiya, lingvistik hodisa sifatida tadqiq qilinmoqda, o‘rganilmoqda. Nazarimda, alifboning o‘zgarishi bu hodisani to‘xtata olmaydi.

O‘zbek tili internet тили emas…mi?

Departamentning munosabatida amaldagi alifbo o‘zbek tilining internet tiliga aylanishiga xalal berayotgani ham ta’kidlangan: «Alifbodagi murakkab harflar tufayli o‘zbek tilini „raqamlashtirish“, internet tiliga aylantirish imkoni bo‘lmayapti». Ma’rifat gazetasida e’lon qilingan bir maqolada ham joriy alifbodagi to‘rtta harf tufayli kompyuter tizimlari, sun’iy intellekt, internet tizimlari o‘zbek tilini tanimasligi aytilgan.

Ushbu fikrni tekshirish uchun bir tajriba o‘tkazib ko‘rdim. Amaldagi lotin alifbosida terilgan matnni Google tarjimon dasturiga tashlab ko‘rdim. Google tarjimon matnning o‘zbek tilida ekanligini tanidi va men tanlagan boshqa tillarga (rus va ingliz tillariga) deyarli benuqson tarjima qilib berdi. «Murakkab harflar» Yandeks tarjimon dasturiga ham matnning o‘zbek tilida ekanligini aniqlab olishga xalaqit qilmadi. Ilova qilingan rasmlarda bu holat aks etgan.


Departament keltirgan yana bir argument — «transliteratsiya dasturlari tufayli kirill alifbosidagi adabiyotlarni milliy alifboga tezkor va xatosiz o‘girish va o‘qish imkoni paydo bo‘lishi»ga kelsak, kirill yozuvida terilgan matnni amaldagi alifboga transliteratsiya qilib beradigan dasturlar ham mavjud. Faqat bir narsani unutmaslik kerak — lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi, xoh amaldagisi bo‘lsin, xoh taklif qilinayotgani — kirill yozuvining ayni transliteratsiyasi emas, balki o‘z qoidalariga ega alohida tizimdir. Shuning uchun bir yozuvdan ikkinchi yozuvga transliteratsiya hech qachon bexato bo‘lmaydi.

Departament o‘z munosabatida alifbodagi shakliy o‘zgarishlar sababli «katta avlodga mansub fuqarolarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi imlosini o‘zlashtirishi tezlashadi», «o‘zbek tili tabiatiga mos yozuv bo‘ladi», deya ta’kidlagan, lekin taklif qilinayotgan alifbo aynan qaysi jihatlari bilan o‘zbek tili tabiatiga mos bo‘lishini yoki katta avlodga amaldagi alifboni o‘zlashtirishga qaysi omillar xalaqit berayotganini izohlamagan.

Yakun sifatida oldingi maqolamda keltirilgan fikrni yana bir marta qaytarishga ruxsat bersangiz. Agar alifboga o‘zgartirish kiritish zarur bo‘lsa, men bu o‘zgarishlarning puxta o‘ylab, ilmiy asoslangan holda kiritilishi tarafdoriman. Aks holda alifbo va imlo masalasiga yana va yana qaytishga majbur bo‘laveramiz. Hozircha esa, afsuski, alifboni o‘zgartirish uchun keltirilayotgan argumentlar meni filolog sifatida ham, foydalanuvchi sifatida ham ishontira olgani yo‘q.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.