Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev tadbirkorlar tomonidan foto va videofiksatsiya vositalarining o‘rnatilishi, ko‘chalarda fuqarolarning qoidabuzarliklarni shaxsiy telefonlariga surat olib yuborilishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

U shaxsiy munosabatini nafaqat deputat sifatida, balki barcha qatori haydovchi pozitsiyasidan bildirayotganini aytgan.

«Tadbirkorlarning radar qo‘yishi haqida gapiradigan bo‘lsam, omadini bersin, qo‘yaverishsin. Men ham deputat sifatida «ha bu tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, u yoq, bu yoq», deb fikrlarga qo‘shilishim mumkin. Lekin oddiy fuqaro, haydovchi sifatida aytadigan bo‘lsam, bu odamlarni psixologiyaga juda yomon ta’sir qilayapti. Biz yetarli infrastruktura yaratmay turib hamma joyga radar qo‘ydik, yana telefonda suratga olib, jo‘natvorsa pul beradi deb… Qo‘pol qilib aytganda «kozyol"lar jamiyatiga o‘xshab ketayapti», — dedi u.

Deputat «men ham oddiy insonman. Bu «sotqinlik, «kozyol"lik-ku, deb men ham aytaman», deya so‘zida davom etgan.

«Avvalo sen kimgadir shuni qo‘llayotgan bo‘lsang, shuni o‘rnida ota-onang yoki o‘zing bo‘lishingni tasavvur qil, o‘zingdan o‘tkazgin. Agar o‘zingda og‘rimasa, shuni qil, degan bo‘lar edim. Balki bu insonlar uchun sinovdir. Lekin men shuni bildimki, o‘zining foydasi yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan odamlar ko‘p ekan. Ularga 10−15 ming so‘m berayaptimi, ertaga 100 ming so‘m berib, vataningni sot, desa ham sotvorishga tayyorlar ko‘p ekan. Bu juda yomon. Vaqti kelib bu to‘xtar. Agar mening qo‘limda bo‘lganimda to‘xtatgan bo‘lar edim», — deya ta’kidladi Kusherbayev.

Quyi palata deputati joriy qilinayotgan tartiblar biror qonun bilan belgilab berilmaganini, balki, Hukumat yoki vazirlar va idoralar qarorlari, qonunosti hujjatlar bilan tasdiqlanayotganini qo‘shimcha qilgan.

U, shuningdek, buning oqibati qanday bo‘lishiga e’tibor qaratgan.

«Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazayapti. Yana bir marta aytaman, bu yaxshimas aslida. Lekin profilaktika uchun deb kimlardir aytayotgandir, to‘g‘risini aytsam, men bunga qo‘shilmagan bo‘lar edim. Bu qanday tarbiya? Sotqinlarni yetishtirib chiqarayotganga o‘xshab qolayapti-da. Bu ertaga nima oqibatlarga olib kelishi mumkin? Ya’niki, shundan qaytmagan odam, ertaga bundan ham og‘irroq narsani taklif qilsangiz „pul uchun tap tortmaydigan odamlarni“ yaratib qo‘ymayapmizmi, degan joyi ham bor. Biroq, ikkinchi tomoni yo‘llarda tartib bo‘lishiga sharoit yaratib beradi», — degan Rasul Kusherbayev.

Deputat tanganing ikkinchi tomonini ham inobatga olish lozimligini qayd etgan.

«Lekin «parkovka» masalasi, yo‘llarni ahvoli — ta’mirtalabligi, ba’zan majbur bo‘lib qoidani buzib qo‘yadi. Hamma sharoit qilib qo‘yilgan bo‘lsa, o‘shanda ham odamlar ochiqchasiga [qoida] buzayotgan bo‘lsa, bu haddidan oshibdi, mana shu yerga qilish kerak, ya’ni boshqalar ham rasmga olib jo‘nataversin, der edim. Lekin, haligacha infratuzilmani o‘zi yaxshi qilib bera olmayapti-ku. Ba’zi joylarda, bozorlar va yirik savdo majmualari atrofida «parkovka»ning o‘zi yo‘q. Markazda ishxonalar joylashgan joyga boring, aylanib yuraverasiz qayerga qo‘yishni bilmay. Kasalxonalarni oldida sharoit yo‘q. Majbur bo‘lasiz qoidani buzib qo‘yishga», — deya ta’kidladi xalq vakili.

Mazkur video avvalroq, e’lon qilinib, ayrim sabablarga ko‘ra o‘chirib tashlangan edi. Deputat ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar sabab qayta joylaganini ma’lum qilgan.