16 mart kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘nggi vaqtlarda o‘zbek futboli olamida ko‘plab baxs-munozaralarga sabab bo‘lgan «Turon» va «So‘g‘diyona» klublari o‘yini masalasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Superligasi 2-turi doirasida «Turon» klubi murabbiyi Islombek Ismoilov «So‘g‘diyona» klubiga qarshi bahsdan keyingi rasmiy flesh-intervyu chog‘ida so‘kingan holda, etika normalarini buzganligi uchun Tartib-intizom qo‘mitasi unga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish intizomiy chorasini belgiladi.

«Turon» klubi prezidenti Abduvahob Ahmadaliyev «So‘g‘diyona» klubiga qarshi bahsdan keyingi intervyusi davomida o‘z fikrlarini qo‘pol tarzda bildirgani uchun qo‘mita unga nisbatan jarima intizomiy chorasini belgiladi.

Kun.uz nashrining yozishicha, o‘yin bosh hakami Viktor Serazitdinov o‘z aybini tan olgan. Buni nashrga O‘FAdagi yig‘ilishdan keyin «Turon» klubi prezidenti Abduvahob Ahmadaliyev ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Serazitdinov haqiqatan ham, ikkita vaziyatda «So‘g‘diyona» foydasiga qaror chiqarganini o‘z qo‘li bilan yozib bergan. «Bizga berilmagan penalti va bizni darvozamiz tomon belgilangan penalti bo‘yicha aybini tan olgan», — deydi klub prezidenti.

Avvalroq, 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan «So‘g‘diyona» — «Turon» uchrashuvi bosh hakami Viktor Serazitdinovning uchrashuvdagi faoliyati qoniqarsiz deb baholanib, hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatilgani haqida xabar bergan edik.

Bundan tashqari, qo‘mita yig‘ilishida O‘zbekiston Superligasi 1-turi doirasidagi «Bunyodkor» — «Mash’al» uchrashuvida «Mash’al» futbolchisi Muhammad Yuldashev uchrashuvda oyoq kiyimining tag qismi bilan raqib jamoasi futbolchining ko‘krak qismiga tepgani masalasi ham muhokamaq qilindi. Buning uchun u 2 ta o‘yinga chetlashtirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston «U21» birinchiligi 1-turi doirasidagi «Navbahor lochinlari U21» — «So‘g‘diyona U21» uchrashuvida Navbahor futbolchisi Islomjon Abdullahonov va So‘g‘diyona futbolchisi Nodirbek Kutuboyev o‘yin rasmiylariga xaqoratli so‘zlar ishlatgan edi. Buning uchun ularga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish intizom chorasi ko‘rildi. Qolaversa, ushbu uchrashuvda «So‘g‘diyona U21» bosh murabbiyi Rasul Xaitov o‘zini nazorat qila olmay, maydonga tushib, raqib jamoasi va o‘z jamoasi sha’niga xaqoratli so‘zlar ishlatgani uchun unga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish hamda jarima intizom chorasi belgilandi.