Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nishon tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi.

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi to‘rtta MCHJ tomonidan «Har bir oila-tadbirkor» dasturi doirasida tumandagi «Paxtazor» va «Samarqand» MFYlarda yashovchi 64 nafar fuqaroning jami 80,1 sotix yer maydonidagi issiqxonalarni to‘liq qurib berilmasdan 713,8 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aytilmoqda.

Shuningdek, jamiyatlardan biri faoliyati davomida 575,4 mln so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamagani hamda juda ko‘p miqdorda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganligi aniqlangan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish), 184-moddasi (soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.