15 mart kuni respublika hududi antitsiklon ta’siri ostida bo‘ladi. Kun davomida havo 3−8° iliqgacha isiydi, bu mart oyining o‘rtasi uchun me’yoriy qiymatlardan ancha sovuqdir, deya xabar berdi O‘zgidromet.

16 va 17 martda antitsiklon periferiyasi O‘zbekiston hududidan sekin ortga chekinadi, kechalari biroz sovuq saqlanib turadi, kunduz kunlari esa asta-sekin isiydi va chorshanba kuniga kunduz kungi harorat 9−14° iliqgacha ko‘tariladi.

Hududlarning ko‘p qismida ushbu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida salqin va nam havo massalari kirib kelishi hisobiga ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Haftaning ikkinchi yarmi boshidan Eron hududlaridan quruq va juda iliq havo kirib kelishi boshlanadi. Havo harorati ayniqsa kunduz kunlari keskin ko‘tariladi. Ish haftasining oxiriga kelib, harorat kunduz kunlari 20−25° iliq, janubda 27° iliqgacha bo‘lgan qiymatlarga yetadi va me’yordan 6−8° ga ko‘p bo‘ladi.

15−19 martda O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi, deya ogohlantirdi sinoptiklar.