Gruziya hukumati O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari uchun havo chegaralarini ochdi. Bu haqda 5 mart kuni muvofiqlashtirish kengashi qaror qildi, deya xabar berdi mamlakat hukumati matbuot xizmati.

Gruziyaga uchish uchun ushbu mamlakat fuqarolaridan parvozdan 72 soat uzoq bo‘lmagan muddat ichida topshirilgan manfiy PZR-test natijalari talab qilinadi. Mamlakatga kelganidan uch kun o‘tgach, mehmonlar takroran test topshirishlari kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, sayyohlar uchun dengiz va quruqlik chegaralari hamon yopiqligicha qolmoqda.

1 martdan boshlab Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari ham manfiy PZR-test natijalari bilan Gruziyaga kirishlari mumkin. Avvalroq, xuddi shu qoidalar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Isroil, Shveysariya, Norvegiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Qatar, BAA, Bahrayn, Turkiya fuqarolari uchun o‘rnatilgan edi.

Gruziyada epidemiologik vaziyat yaxshilangani sababli, 1 fevraldan mamlakatda muntazam aviaqatnovlarga bo‘lgan cheklov olib tashlandi. Ushbu cheklovlar Gruziyada 2020 yil mart oyidan beri amal qilayotgan edi.