Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahriga tashrifi davomida 26-Mehribonlik uyiga borgan edi. Mehribonlik uyiga tashrifi chog‘ida prezident bag‘riga bosgan qizaloq oilasiga qaytdi, deya xabar bermoqda «Daryo» muxbiri.

Xabarga ko‘ra, Fotima Umrzoqova hozir 5 yoshda. U va egizak ukasi Husan 2 yil, opalari Hadicha va Halima esa 3 yildan beri bolalar uyida tarbiyalanayotgan edi.

«Ularning onasi yolg‘iz ayol bo‘lgani va yetishmovchilik tufayli bolalarini bizning muassasaga topshirgan edi. Yil boshidan ularni olib ketish harakatiga tushib qoldi. Qizalog‘ini davlat rahbari ko‘tarib olganini ko‘rganidan keyin bu fikri yana ham qat’iylashgan bo‘lsa ajab emas. O‘tgan vaqt mobaynida ularga biz ham qattiq bog‘lanib qolgan ekanmiz, ko‘zda yosh bilan kuzatib qo‘ydik. Lekin oilasida, onasining bag‘rida bo‘lishi biz uchun muhim, shundan xursandmiz», — deydi Mehribonlik uyi direktori Dilorom Abdurahimova.

Bolalarning onasi Nilufarning aytishicha, ularni asli kuz oylariga borib, ishlab, pul topib, uy-joy sharoitini o‘nglagandan so‘ng qaytarib olmoqchi bo‘lgan, biroq oiladagi vaziyatdan xabar topgan «Saxovat-Namangan» xayriya jamoat fondi a’zolari bu tashvishlarni o‘z zimmasiga olgan.

«Saxovat-Namangan» xayriya jamoat fondi vakili Baxtiyor Yusufjonovning ta’kidlashicha, Nilufar va uning bolalari yashaydigan xonadon boshdan-oyoq ta’mirlab berilgan. Hovliga darvoza, uylarga eshik-rom o‘rnatilgan, shift va pol qilingan, ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoqqacha yetkazilgan. Kelgusida ham bolalardan doimiy xabar olib turiladi va ular uchun barcha zarur sharoit yaratib beriladi.

Ma’lumot uchun, Namangandagi 26-Mehribonlik uyini 13 nafar tarbiyalanuvchi tark etgan. Ulardan 5 nafari farzandlikka berilgan bo‘lsa, 8 nafari oilasiga qaytgan. Oilasiga qaytganlar safida Fotima, uning ikki opasi hamda egizak ukasi ham bor.