Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi va ikki nafar Qozog‘iston elchixonasi xodimlari ZF-UZ-VAC 2001 vaksinaning 1-dozasi bilan emlandilar. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

1 mart kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Darxan Satibaldini qabul qildi va tomonlar O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar masalasini muhokama qildilar.

Foto: Innovatsiyani rivojlantirish vazirligi

Darxan Satibaldi O‘zbekiston va Xitoy davlatlari hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 yangi rekombinant vaksinasi haqida Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida ham materiallar berilayotgani haqida aytib o‘tdi.

O‘zbekiston-Xitoy vaksinasini Qozog‘istonga ham yetkazish masalasi bo‘yicha taklif tayyorlanishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 1 mart kuni ZF-UZ-VAC 2001 nomli koronavirusning yangi tipiga qarshi rekombinant (CHO cell) xitoy-o‘zbek vaksinasi tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi.