Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida nizom»ga hududiy tamoyil degan tushuncha kiritildi. Ba’zi bir lavozim va mutaxassisliklarga o‘z hududida xizmat qilish imkoni berildi.

«Avval oilada yolg‘iz farzand bo‘lsa, tug‘ilib o‘sgan joyida xizmat qilishi mumkin edi. Hozir nafaqat yolg‘iz farzand, balki oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsa ham, tug‘ilib o‘sgan hududida xizmat qilish huquqi berildi», — dedi Mudofaa vazirligi kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Shermuhammad Saidahmatov.

Shuningdek, vazirlik rasmiysining ta’kidlashicha, ilgari sud qarori bilan ofitserlik rutbasidan mahrum bo‘lgan harbiy xizmatchilar umuman pensiyasiz qolgan bo‘lsa, bugungi kunda ularga oddiy askar unvonida pensiya tayinlanmoqda.