Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida Nexia avtomobilida 6 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborgan haydovchining haqiqatan ham IIB xodimi ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Bu haqda Nasafnews.uz viloyat IIBga tayanib xabar qildi.

«Nexia boshqaruvida haqiqatan ham Chiroqchi tuman IIO xodimi bo‘lgan. Surishtiruv davomida haydovchi viloyat Narkologiya dispanseridan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va „hushyor“ ekanligi aniqlangan. Viloyat IIB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilyapti. Bola ayni vaqtda tuman markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida qolmoqda», — deyiladi xabarda.

Qashqadaryo prokuraturasining xabar berishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan J.Xga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov harakatlari Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Avvalroq 16 fevral kuni IIB xodimi ekani aytilayotgan haydovchi, J.H. (1977 y.t.) Nexia avtomobilida o‘quvchi piyodani urib yuborgani haqida xabar berilgan edi.

Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulovaning ma’lum qilishicha, YTH ishtirokchisi bo‘lgan piyoda qiz bola bo‘lib, ayni paytda u tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida davolanayotganini ma’lum qilgan.

«Bugun qizaloqning bobosi bilan ham suhbatlashdik. Biz IIB xodimining xatti-harakatini oqlashdan yiroqmiz. To‘g‘ri, aybi bo‘lgan. Va shu sabab ham holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Biroq nafaqat profilaktika inspektori, tuman IIB boshlig‘i ham qizaloqning yaqinlariga ko‘mak berib, davolanishidan ham xabar olib turibdi. Buni qizaloqning yaqinlari ham tasdiqladi», — deydi Iroda Rasulova.