Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida maydoni 280 507 gektar bo‘lgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklidagi «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga qilinishicha, buyurtma qo‘riqxonasining asosiy maqsadi qirg‘oq landshaftlari, kanallar, kollektorlar va ulardagi suv oqimi, suv atrofida yashovchi qushlar, noyob, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan baliqlar, yirtqich qushlar va sut emizuvchi hayvonlarni saqlab qolish hamda ularni qayta ko‘paytirishdan iborat.

Qarorga asosan, Davlat ekologiya qo‘mitasiga 2021 yil yakuniga qadar Sudoche ko‘lini xalqaro ahamiyatga (Ramsar konvensiyasi) ega bo‘lgan suvli-botqoq joylar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 6 ta davlat qo‘riqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi, 6 ta tabiat bog‘i, 1 ta milliy bog‘, 11 ta tabiat yodgorligi, 2 ta biosfera rezervati, 12 ta buyurtma qo‘riqxonasi, 1 ta Jayron maxsus pitomnigi mavjud. «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etilishi natijasida ularning umumiy maydoni 3,521 mln gektardan 3,801 mln gektarga yoki mamlakatimiz hududining 7,84% dan 8,46% ga ko‘paydi.