Xalq deputatlari Farg‘ona shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Mirzohid Murodilovich Ubaydullayev Farg‘ona shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi, deb xabar berdi O‘zA.

Bungacha, 2020 yil aprelidan, u Farg‘ona viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Mirzohid Ubaydullayev (1976 yilda tug‘ilgan) Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutini (1999), Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabini tugatgan (2013). O‘zLiDeP partiyasining a’zosi.

Ilgari u Marg‘ilon shahar hokimi (2016−2020), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari (2015−2016), viloyat hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i (2014−2015), viloyat G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i (2010−2014) va boshqa lavozimlarda ishlagan.

Oldingi hokim Hamid Xabibidinov prezidantning rejasiz Farg‘ona shahridagi mahallalardan biriga tashrif buyurganidan so‘ng ishdan bo‘shatildi. Prezident uni mahalla qo‘mitasi binosining ahvoli, ichki yo‘llari va uylar yaqinidagi axlat uchun tanqid qilgan edi.