Respublika transport prokuraturasi tomonidan 2020 yilda yo‘l va ko‘prik qurilish sohasida byudjetdan ajratilgan pullarni o‘zlashtirish holati bo‘yicha 40ga yaqin jinoyat ishi ochilgan. Ularda yo‘llar qurilishidagi korrupsion holatlar bo‘yicha 11,5 mlrd so‘mlik davlat mulki talon-toroj etilgani fosh etildi. Bu haqda 3 fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

2020 yil davomida Transport prokuraturasi tomonidan har bir ob’ektga chiqib yo‘llar ahvoli o‘rganilganda, qator kamchiliklar borligi aniqlandi.

Avvalo, yo‘l va ko‘prik qurilishiga oid qonunchilik va ularni qurishda qo‘llaniladigan davlat standartlari, yo‘riqnoma va qoidalarni takomillashtirib, hozirgi zamonga moslashtirish zarurati yuzaga kelgan. Boisi, hozirgi kundagi qurilishlar hanuzgacha sobiq ittifoq davridagi standartlar asosida amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, o‘sha paytlarda yo‘llar 14 tonnalik yuk mashinalariga moslashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda 80 tonnalik avtomobillar yo‘llarimizda yuribdi. Bu ham yo‘llar sifati tez buzilishi, ishdan chiqishiga olib kelmoqda. Transport prokuraturasi tomonidan bu borada tegishli takliflar berilganligi qayd etildi.

Shuningdek, matbuot anjumanida ko‘prik va yo‘llar qurilishida loyiha institutlari monopoliyasi tugatilgani, bundan buyon ob’ektlar ochiq tender savdolari orqali qurilishi ta’kidlandi.