Xitoy vaksinasining sinov bosqichlarida ishtirok etuvchi ko‘ngillilar soni 4 ming kishiga oshirildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi ma’lum qildi.

O‘zbekistonda Xitoyning Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasining ZF 2001 vaksinasi uchinchi sinov bosqichlarida 5 ming nafar ko‘ngilli qatnashayotgan edi. Endilikda sinovlarda 9 ming nafar ko‘ngilli ishtirok etadi.

Vazirlikning izohiga ko‘ra, buning birinchi sababi, ikkinchi va uchinchi doza emlash bosqichida tadqiqot ishtirokchilari soni kamayishi mumkin.

Ikkinchidan, mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgani bois, koronavirusning vaksina olganlarga ta’sirini o‘rganish qiyinlashayotganligi aytilmoqda. «Vaksinaning ta’siri organizmga virus ta’sir qilganda aniqlanadi», — deyiladi xabarda.

Vaksina sinovlarida ishtirok etayotgan ko‘ngillilarning yarmi vaksina emas, platsebo olayotgani ta’kidlangan.

Xitoy vaksinasi uchinchi bosqich sinovlari O‘zbekistonda 2020 yil 10 dekabr kuni boshlangan edi. 30 yanvar holatiga ko‘ra, vaksina olgan ko‘ngillilar soni 5300 ga yaqinlashgan edi.