31 yanvar kuni ikkinchi marotaba Rossiya bo‘ylab Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi, muholifatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy mitinglar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda. Boshqa davlatlarda ham o‘nlab namoyishlar o‘tkazildi.

Rossiya poytaxtida namoyishchilar Navalniy joylashgan «Matrosskaya tishina» tergov hibsxonasiga va uchta vokzal maydonlariga yurishlarni uyushtirishdi. Politsiya shaharning turli qismlarida ommaviy hibsga olishlarni amalga oshirdi. OAV xabarlariga ko‘ra, kun bo‘yi namoyishchilarga qarshi elektroshokerlar, dubinka va yig‘latadigan gaz qo‘llangan.

Hududlarda eng katta yurishlar Yekaterinburg va Novosibirskda bo‘lib o‘tdi. U yerda ham ommaviy hibsga olishlar kuzatilgan. Jami Rossiya bo‘ylab 5000 dan ortiq, shu jumladan Moskva va Sankt-Peterburgda mingdan ortiq kishi hibsga olindi. Hibsga olinganlar orasida jurnalistlar ham bor.

Aleksey Navalniy o‘tgan yilning avgust oyida zaharlanib (u Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlarini ayblagan) va Germaniyada davolanib, Moskvaga kelganida hibsga olingan. Unga nisbatan shartli jazoning haqiqiy jazosi bilan almashtirilishi kutilmoqda.

Navalniy hibsga olingandan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Putinning Gelendjik yaqinidagi «saroyi», u kamida 100 mlrd rublga qurilgani haqida film chiqardi. Prezident Vladimir Putin saroy unga tegishli emasligini aytgan. Putinning biznesmen do‘sti Arkadiy Rotenberg ushbu majmuanining egasi ekanligini ma’lum qilib, saroyni apart-mehmonxona deb atadi.